Boko Haramga qarshi kurash: Amerika Kamerunga askar jo'natadi

  • Amerika Ovozi

Boko Haram jangarilarini havodan kuzatish va razvedka ishlarini olib borish maqsadida AQSh Kamerun davlatiga 300 askarini safarbar etmoqda.

Taklif Kamerun hukumatidan tushgan. G'arbiy Afrikada ekstremizm tarqalishini bartaraf etishga qaratilgan xalqaro sa'y-harakatlarning bir qismi bu.

Oq uy matbuot kotibi Josh Ernest jurnalistlar savollariga javoban deydiki, Kamerunga jo'nayotgan AQSh harbiylari qurollangan bo'lsa-da, janglarda qatnashmaydi. Qurollar faqatgina himoya va mudofaa uchun zarur.

Boko Haram va boshqa jihodchi to'dalar so'nggi payt qonli hujumlarga zo'r berayotgani xalqaro hamjamiyatni chora ko'rishga undamoqda. Boko Haram, o'tgan yili 276 o'quvchi qizni asirga olgan ekstremist guruh, Nigeriya shimolida islomiy davlat qurishni maqsad qilgan.

Rasmiylarning bildirishicha, AQSh harbiylari qachon ketishini Kamerun hukumati hal qiladi.