Kanadaning Kvebek shahridagi masjidda yaqinda sodir etilgan otishma mamlakatni larzaga soldi. Shu bilan birga, yurtni, jumladan, musulmon aholini birlashtirdi, deydi Bosh vazir Jastin Tryudo. U hujumda nobud bo'lgan fuqarolarning dafn marosimida so'zladi.
Kvebek shahridagi masjidda ro'y bergan otishma olti odamni hayotdan olib ketdi. Ularning dafn marosimida shahar rasmiysi Filip Kuyar va bosh vazir Jastin Tryudo qatnashdi.
"Bu mudhish kunlar bizni yana ham birdam, yana ham mustahkam bir davlatga aylantirdi", - dedi Tryudo ko'ziga yosh olib.
Marhumlardan uch nafari bilan vidolashish uchun Monreal xokkey majmuasiga minglab odam keldi. Kvebek tevaragida musulmonlar qabristoni kam bo'lgani uchun marhumlar, jazoirlik Xolid Belkajemi, Abdukarim Hasan va tunislik Abubakr Tabti vatanlariga jo'natiladi.
Yana uch marhumning dafn marosimi bugun kechroq o'tishi kutilmoqda.
Masjidda otishma boshlagan Aleksandr Bissonet hozir hibsda va qotillikda ayblanmoqda.