BMT Vatikanni jinsiy tajovuzlarni yashirganlikda aybladi

  • Amerika Ovozi
Bola huquqlari bo’yicha BMT qo’mitasi o’n minglab bolalarga jinsiy tajovuz qilgan ruhoniylar muammosini oshkora tan olmagani uchun Vatikanni tanqid ostiga oldi.

Qo’mita rahbari Kirsten Sandbergning aytishicha, BMT katolik cherkovi yuritayotgan ayrim siyosat va amaliyotlardan tashvishda. Buning oqibatida ko’plab bolalar jinsiy tahqirlanishda davom etgan, jinoyatchilar esa jazodan omon qolgan, deydi u.

“Rahbariyat cherkovning obro’sini saqlashni va jinoyatchilarni himoyalashni bolalar huquqlaridan ustun ko’rib kelgan. Qo’mita olib borgan kuzatish shundan dalolat beradiki, aybdorlar bir joydan ikkinchi joyga ko’chib yurgan. Qilmishlari fosh bo’lganda, ular bir cherkovdan ikkinchisiga jo’natilgan. Buning oqibatida ko’plab bolalar jinsiy tajovuz xavfi ostida qolishda davom etgan”, - deydi u.

Qo’mita Vatikanning bu masalada jimlik saqlash siyosatini qo’llaganini qattiq tanqid qildi. Ushbu amaliyot natijasida jinsiy tajovuz jinoyatlarining kamdan-kami huquq-tartibot idoralariga ma’lum qilingan. Muammo haqida oshkora gapirgan ruhoniylar esa jazolangan.

Qo’mita ma’lumotiga ko’ra, mazlum bolalarga bo’lib o’tgan ishlar xususida og’iz ochmaslik buyurilgan.

BMT Qo’mitasining 18 mustaqil ekspertdan iborat guruhi Bola huquqlari bo’yicha xalqaro konvensiyaning ijro etilishini nazorat qiladi. O’tgan oy Vatikan ilk bor ruhoniylar tomonidan bolalarning jinsiy tahqirlanishi muammosini hal etish bo’yicha o’zi olib borgan siyosatni himoya qilib chiqdi.

Diniy rahbariyat masala bo’yicha BMT qo’mitasiga yuzlab hujjatlarni taqdim etdi. Qo’mita a’zolariga ko’ra, Vatikan ayrim hujjatlarni hanuz yashirin saqlab kelyapti. Ularning aytishicha, tahqirlash holatlari va ularga nisbatan cherkov qanday yo’l tutgani haqidagi arxiv ma’lumotlari berilmagan.

Vatikan rasmiylarining aytishicha, ularda pedofillarni jazolash bo’yica yetarli vakolat bo’lmagan. Vatikanning jinsiy jinoyatlar bo’yicha sobiq prokurori Charls Shikluna xatolar bo’lganini va ularni tuzatish uchun zarur choralar ko’rilishini aytgan.

Ijobiy o’zgarishlar bo’lishiga umid qilamiz, deydi Sandberg.

“Vatikan sodir bo’lgan jinoyatlarni tan olishi va ularni to’g’rilash uchun lozim bo’lgan ishlarni qilishi bu jinoyatlar oqibatida aziyat chekkanlar uchun muhim. Buning foydasi katta bo’ladi. Biz uchrashib gaplashgan mazlumlar ham shuni aytishyapti”, - deydi u.

Vatikan BMT qo’mitasi hisobotini batafsil o’rgab, lozim choralar ko’rajagini va’da qildi. Ammo ayni paytda u o’zgalarning “inson qadr-qimmati va diniy erkinlik huquqidan foydalanish bo’yicha Katolik cherkoviga aql o’rgatishi” noto’g’ri ekanini ham ta’kidlagan.

Bu abort qilish, kontraseptiv moddalardan foydalanish hamda gomoseksualizm masalalari bo’yicha qo’mita qarashlariga nisbatan Vatikanning e’tirozidir.

Vatikan bayonotida yozilishicha, cherkov bolalar huquqlarini himoya qilishda davom etadi va bunda Konvensiya talablari hamda katolik e’tiqodi asosidagi diniy va axloqiy qadriyatlarga tayanadi.