Xalqaro diniy erkinlik bo’yicha AQSh komissiyasi taqdim etgan yangi tahlilnomada Markaziy Osiyoning uch mamlakati alohida xavotirga molik davlat deya ta’riflanadi. Qo’shma Shtatlarning dunyo bo’ylab e’tiqod erkinligini himoya qilishi Amerika idealizmining namunasi va bu jamiyatga xos qadriyat deya baholanadi. Kongress qarori bilan 1998-yilda maxsus komissiya tuzilgan. Uning asosiy vazifasi - global miqyosda e’tiqod erkinligi buzilishi hollarini xatlab borish va AQSh hukumatiga muayyan davlatga nisbatan siyosatni belgilashda maslahat berish. "Amerika Ovozi" komissiyaning mintaqa bo’yicha eksperti Ketrin Kozmanni suhbatga tortdi.
Your browser doesn’t support HTML5
- Markaziy Osiyoning har bir davlatini alohida olib qarasak, sizning nazaringizda, e’tiqod va erkinlik bobida ulardagi eng dolzarb muammo nima?
Kozman: Mintaqada eng kam ma’lumot chiqadigan va umuman erkinlik eng cheklangan davlat bu Turkmaniston. Axborot erkinligi umuman yo’q. Qirg’izistonda diniy erkinlik haqidagi qonunga o’zgartirishlar kiritish haqida takliflar bor. Muhokama qilina boshlagan, lekin hozircha qachon ovozga qo’yilishi noma’lum. Qozog’iston 2005-yilgacha Qirg’iziston singari e’tiqod erkinligi kengroq bo’lgan jamiyat edi. Lekin hozirda diniy tashkilot sifatida ro’yxatga olinish uchun to’rt qismli talablar mavjud. Bir paytlar diniy tashkilot umuman ro’yxatga olinmasa ham bo’lar edi. Biz bu davlatga shuni tavsiya qilamiz. Tojikistonda bolalarga diniy mashg’ulotlar man etilishi afsuslanarli hol. Migrant mehnatkashlarning bolalari din haqida bilmoqchi bo’lsa, qayga boradi? O’zbekistonda 1998-yilda qabul qilingan qonun diniy faoliyatni cheklaydi va shunga o’xshash qarorlar qo’shni davlatlarda ham qilindi. O’zbekiston islohotlarga muhtoj. Buning ustiga minglab musulmonlar dindorligi uchun qamoqda. Biz ularni ozod etishga undab kelamiz.
- Siz o’z tahlilnomangiz uchun ma’lumotni qanday yig’asiz? Izlanish nimalardan iborat?
Kozman: Mamlakatlarga boramiz, albatta, bu oson emas, lekin bu biz uchun juda muhim. Har bir jamiyatni yaqindan kuzatamiz, jamiki axborotni o’qib boramiz. Qonunchilik va qarorlardan ko’z uzmaymiz. Chetga chiqqan markaziy osiyoliklar bilan muloqot qilamiz. Inson huquqlari tashkilotlari bilan aloqadamiz. Shuningdek, mintaqa bilan ishlaydigan AQSh diplomatlari va rasmiylari bilan gaplashamiz.
- Hisobotlaringizga davlatlar qanday munosabat bildiradi? Masalan, so’nggi tahlilnoma qanday qarshilandi?
Kozman: Huquq himoyachilari, erkinlik tarafdorlari haqiqatni yozganingiz uchun rahmat deydi, hukumatlar esa norozi. Har bir respublika o’ziga xos diplomatiya olib boradi. O’zbekiston, masalan, o’z muqim pozitsiyasiga ega va mazmuniga ko’proq e’tibor beradi. Tahlilnomamizni punktma-punkt ko’rib, javob beradi. O’z siyosatini tushuntiradi. Lekin mamlakatga xalqaro mutaxassislarni, jumladan, BMT ekspertlarini kiritmaydi. Hatto insonparvarlik tashkiloti bo’lmish Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasi ham ishlay olmay qoldi. Turkmanistondan faqat sukunat. 2007-yilda Prezident Qurbonguli Berdimuhammedov bizni qabul qilgan edi. Yana kelinglar, deb taklif qilgan edi, va’da bergan edi, lekin sado yo’q.
- 2013-yilning oxirida Toshkentga borganingizda hukumat a’zolari bilan uchrashgansiz, shuningdek, sobiq muftiy Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf huzuriga borgansiz. Yaqinda u kishi qazo qildi. Minglab odamlar uning janozasiga bordi, millionlar aza tutdi. Siz bu insonning rolini qanday baholaysiz?
Kozman: Ilk bor bu inson bilan 2004-yilda suhbatlashish sharafiga muyassar bo’lganman. Kutubxonasida “Islom va inson huquqlari” deb nomlangan kitobni ko’rganman. Bilimi o’tkir, salobatli bir kishi edi. Buni darhol bilardingiz. Men islomshunos emasman, lekin e’tiqod va erkinlik xususida chuqur mulohazali, kuchli ziyoli va islomiy tarixi buyuk bo’lgan bir yurtning namoyondasi edi. U boshchiligidagi sayt (islom.uz) ishini davom ettiradi, degan umiddaman. Chunki yosh avlod diniy ilm oladigan manba u. Rahmatli muftiy mutaassiblikni faqat bilim bilan yengish mumkin der edi.
- Shu yilning boshida eng taniqli “diniy mahbus”lardan biri Xayrulla Hamidov amnistiya orqali ozod etildi. O’zbekiston hukumati, bilasiz, “diniy mahbus” yoki “siyosiy mahbus” degan ta’riflarni rad etadi va qamoqda o’tirganlar qonunni buzganlar, jinoyatchilar deb qayd qilib keladi. Hukumat mana, Xayrulla Hamidov singari o’z muxlislariga, hamfikrlariga ega shaxslarga erkinlik berdik, bu ijobiy hol emasmi, desa, nima derdingiz?
Kozman: Ijobiy hol, lekin Hamidov prezidentdan avf so’rab, qilgan ishlari uchun kechirim so’rab, qayta-qayta xat yozdi. Bu degani u o’ziga qo’yilgan va ko’plab odamlar nazarida soxta bo’lgan ayblovlarga iqror bo’ldi. Xo’sh, endi bu yigit oldingidek faoliyat yurita oladimi? Oldingidek ijod qilsa, dasturlar bersa, yana nazorat ostiga olinadi, afsuski. O’zbekistonda minglab dindorlar aynan dindorligi uchun qamoqda o’tirgani sir emas.
- Diniy erkinlik, e’tiqod erkinligi nima ekani haqida siz va Markaziy Osiyo davlatlari bir fikrga ega bo’lishi uchun nima qilmoq zarur? Chunki hukumatlar “biz ekstremizmga qarshi kurashdamiz, dindorlikka qarshi emasmiz”, deydi.
Kozman: Diniy erkinlik nima ekani xalqaro qonunlarda, davlatlar imzo chekkan BMT hujjatlarida aniq ta’riflangan. Har bir hukumat uni buzmasligi va bu huquqni ta’minlashi kerak.
- Alohida xavotirga molik davlat deb qaralish nimani anglatadi?
Kozman: Biz AQSh hukumatiga, jumladan, Davlat departamentiga maslahat beradigan organmiz. Muayyan bilan davlatda vaziyat og’ir bo’lsa, unga “alohida xavotirga molik davlat” degan maqom berib, sanksiya qo’yishni tavsiya qilamiz. Andijon fojiasi ketidan 2006-yilda O’zbekistonga shunday tamg’a qo’yilgan. Bir yildan beri Turkmaniston ham shu qatorda. Tojikiston ham shunday davlat deb qaralishi kerak deb o’ylaymiz. Ming afsuslar bo’lsinki, alohida xavotirga molik davlat deb belgilagan Davlat departamentining o’zi boshqa manfaatlarni yuqori qo’yib, O’zbekiston va Turkmanistonga cheklov qo’ymaslikka va hamkorlikni kengaytirishga qaror qildi.
- Hukumatlar hozir aytishi mumkin: “Islomiy davlat”dek xavfli kuch hujum qilishi mumkin, asosiy maqsad - xavfsizlikni ta’minlash. Vahshiy va o’ta radikal bu guruhga qarshi kurash keskin choralar talab qiladi, deyishi mumkin. Nima deysiz?
Kozman: Afg’oniston bilan chegaralarda qurolli to’qnashuvlar haqida ma’lumotlar bor. Ayniqsa, Rossiya manbalari bu haqda xabar bermoqda. Lekin aniq axborot yo’q. “Islomiy davlat”ga qarshi kurash hukumatlar uchun bahona bo’la olmaydi, chunki diniy erkinlikka ko’plab cheklovlar yillardan beri bor. Ekstremizmga qarshi kurash e’tiqodni bo’g’masligi kerak.
- Amerika hukumatiga hozirda qanday konkret tavsiyalaringiz bor?
Kozman: O’zbekiston hukumatiga nisbatan sanksiya qo’ying, deymiz. Andijon fojiasiga aloqador rasmiylar qora ro’yxatga olinsin. Ishonchli manbalar kamida bir ming odam o’ldirilgan deydi. 200 dan ortiq kishi qamoqda. 10 yil o’tib ham nima bo’lgani mavhum. Mustaqil tekshiruv o’tkazish kerak. Yana bir tavsiyamiz bu “Amerika Ovozi” hamda “Ozodlik” singari axborot vositalari faoliyati naqadar muhimligini tan olib, ularni quvvatlashni davom ettirish. Chunki ular mamlakatlardagi huquqbuzarlik hollari, adolatsizlik va dolzarb muammolar haqida ma’lumot beradigan tashkilotlardir. Har bir xalqqa o’z tilida muhim informatsiya suv va havodek zarur. Fuqarolar nima bo’layotganini bilishi va muhokama qilishi kerak.
Your browser doesn’t support HTML5