Markaziy Amerika - tabiiy ofatlar va koronavirus qurboni

  • Amerika Ovozi

Gondurasda toshqin

Markaziy Amerika qurg’oqchilik, dovullar va koronavirus qurboniga aylanmoqda. Gvatemala sharqini ketma-ket “ziyorat qilgan” to’fonlar natijasida ekinlar payhon bo’lgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 9-dekabr, 2020-yil

5 bolaning onasi Tomasa Mendosa makkajo’xorisidan ayrildi. Uning turmush o’rtog’i koronavirus pandemiyasi sabab bir necha oy burun hududdagi qahva plantatsiyasidagi ishini yo’qotdi. Uyda bolalar och, kasal, ozib ketmoqda.

Mendosa tovuqlarini sotib, ekish uchun makka donini sotib oldi.

“Pulimiz yo’q”, - deydi 34 yashar ozg’in ayol.

U yashovchi Xokotan viloyati Lotin Amerikasining “quruq korridor” nomini olgan hududida joylashgan. Korridor Meksika janubidan Gvatemala, Salvador orqali Panamagacha cho’zilgan. Har yilgi qurg’oqchilik mahalliy aholini oziq-ovqatdan ayirmoqda.

Noyabr boshida “Eta” to’foni natijasida yog’ingarchiliklar kuchayib, Xokotanda ko’priklar yuvilib ketdi, elektr uzatish liniyalari barbod bo’ldi, hosil vayron bo’ldi.

Olimlar yog’ingarchiliklar va qurg’oqchilikni iqlim o’zgarishi bilan bog’lamoqda. Pandemiya muammoga muammo qo’shdi. Karantin natijasida ishsiz va daromadsiz qolgan odamlar, ayniqsa Gvatemala va Gondurasning qishloq hududlarida oziq-ovqat tanqisligidan qiynalmoqda.

Vaziyat, ayniqsa, Gvatemalada ayanchli. Salkam 4 million odam dovullardan oldin ham to’yib ovqatlanmasdi. Tabiiy ofatlar Markaziy Amerika iqtisodiyotlariga 5,5 milliard dollarlik zarar yetkazmoqda.

Gvatemala hukumati AQShga murojaat qilib, Qo’shma Shtatlarga yo’l olayotgan migrant vatandoshlarini qaytarmaslikka chaqirdi.

Qurg’oqchiliklar natijasida so’nggi yillarda shimol tomon migratsiya kuzatilmoqda. Biroq hammada ham AQShga borishga pul yo’q.

Jahon oziq-ovqat dasturi tashkilotiga ko’ra, koronavirus pandemiyasi natijasida yil oxirigacha dunyo bo’ylab 270 million odam ochlikka yuz tutadi. Bu pandemiyadan oldingi holatdan 82 foiz ko’p.