Markaziy Osiyoda OIV/OITS tez sur'atda tarqalyapti

  • Amerika Ovozi

Yangi muolaja usullari hamda profilaktika choralariga qaramasdan, Yevropada immunitet taqchilligi virusi va undan kelib chiqadigan sindrom (OIV/OITS) tarqalishda davom etmoqda. 2013-yilda Yevropa va Markaziy Osiyo bo’ylab 136 ming kishi virusni yuqtirgan, deyiladi yangi tahlilnomada.

So’nggi 10 yilda Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa mamlakatlarida yangi bemorlar soni ikki baravar ko’paygani ma’lum.

O'zbekistonda 2013-yilgi hisoblarga ko'ra, kamida 35 ming odam OIV bilan yashaydi. Qirg'izistonda 8 ming, Tojikistonda 14 ming. Qozog'iston va Turkmanistonda hukumatlar bu xavfli virusga chalingan soni juda past deb aniq raqamlarni oshkor etmaydi. Lekin BMT taxminicha, bu davlatlarda ham minglab bemorlar bor. Qolaversa, shu kungacha butun mintaqa bo'ylab o'n minglab odam OITS qurboni bo'lgan.

“Bunga sabab narkotik moddalarni iste’mol qilishi natijasida OIVga chalinganlar kech aniqlanyapti. Natijada ular virusni boshqalarga yuqtirishi ehtimoli yuqori, muojala qimmat va ko’p hollarda bunday odamlar o’lim bilan yuzlashishi muqarrar”, - deydi Suzanna Yakab, Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining Yevropa bo’yicha direktori.

Tadqiqotlar shuni ko’rsatadiki, ko’pgina davlatlarda kasallikka chalinishi ehtimoli yuqori guruhlar bilan yetarlicha ish olib borilmayapti. Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoda OIV asosan erkaklar orasida jinsiy aloqa yo’li bilan tarqaladi.

Regionda milliy profilaktika dasturlari ana shu masalaga e’tiborni oshirishi va mahalliy sharoitga mos tarzda olib borilishi lozim, deyiladi Yevropa kasalliklarni nazorat qilish markazi chiqargan tahlilnomada.

Raqamlar 1-dekabr, Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni oldidan e’lon qilindi. Bugungi kunda jahonda immunitet taqchilligi virusi bilan yashayotganlar soni 35 millionni tashkil etadi.

2013-yilda OITSga aloqador kasalliklardan 1,5 million odam o’lgan, yana 2 milliondan oshig’i virusni yuqtirgan.