“Islomiy davlat” guruhi O'zbekiston uchun qo'shni Afg'onistondagi Tolibondan ko'ra kattaroq xavf sifatida ko'rilmoqda. O'zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati ma'lumotiga ko'ra, jangarilar O'zbekistonda terror xurujini rejalashi mumkin. “Islomiy davlat” tahdidi haqidagi ma'lumotlar ortidan mintaqada diniy sabablar bo'yicha hibsga olishlar ortgani kuzatiladi.
Your browser doesn’t support HTML5
Milliy xavfsizlik xizmati “Islomiy davlat”ning O'zbekistonda prezident saylovlari arafasida xuruj rejalagani va bu oldindan fosh qilinganini aytmoqda.
Xavfsizlik xizmatining matbuotdagi bayonotiga ko'ra, “Islomiy davlat”ning Pokistonda tayyorgarlikdan o'tgan vakillari O'zbekistonda dekabr oyida qo'lga olingan. Ularning shaxsi oshkor qilinmayapti. Ammo so'nggi paytda O'zbekistonda diniy motiv bo'yicha hibsga olishlar ancha oshdi.
“Ezgulik” jamiyati hamda “Najot” inson huquqlari tashkiloti tarqatgan ma'lumotga ko'ra, 30 ga yaqin fuqaro O'zbekistonda xalifalik qurishni maqsad qilgan “Jihodchilar” guruhiga a'zolikda ayblanmoqda.
Huquq himoyachilari tergov qiynoqlar asosida o'tayotganiga urg'u berishadi. Avvalroq, Tojikistonda va Qirg'izistonda ham jihodchilikni maqsad qilgan O'zbekiston islomiy harakati a'zolari ushlangani xabar berilgan edi.
Afg'onistonda faoliyat boshlaganini da'vo qilayotgan “Islomiy davlat” Markaziy Osiyo yoki O'zbekiston bo'yicha biror bayonot bergani yo'q.
Germaniyada global xavfsizlik bo'yicha o'tgan xalqaro konferensiyada prezident Ashraf G'ani Afg'onistonda yaqinda ko'rinish bergan “Islomiy davlat”dan chuqur xavotir bildirdi.
Ekspertlar Afg'oniston hukumati bilan kurashib kelgan toliblardan farqli ravishda “Islomiy davlat” Markaziy Osiyoni ham ko'zlayotganini ta'kidlamoqda. Guruh mintaqadan o'zbeklarni ko'proq o'z safiga jamlayotgani bilan xavfli ko'rilmoqda.
Diniy qarashlari bois O'zbekistonda qamoq jazosini o'tagan, hozirda siyosiy qochqinlikda yashayotgan o'zbekistonlik faol Muhammadsolih Abutovga ko'ra, “Islomiy davlat” o'zbeklar hisobiga kengayayotgani rost, ammo bu guruhning O'zbekistonga tahdidi haqiqatdan uzoq.
“To'g'ri, O'zbekistondan, Qirg'izistonda anchagina o'zbeklar bor u yoqda. Ammo ularning O'zbekistonga qaytib, terakt qilishi bu bekor narsa. Ular urushib o'lib ketishi mumkin o'sha yoqda shahid bo'lib. Agarda kimdir qaytmoqchi bo'lsa, faqat tinch yashash uchun, u yoqdagi hayotdan bezgani uchun qaytadi. “Islomiy davlat” dagi ayrim o'zbeklar internetda biz qaytamiz degan ma'noda gapirishgan, ammo bular hammasi oddiy po'pisa”, - deydi Abutov.
“Islomiy davlat”da xalifalik tarafdori bo'lgan o'zbeklar soni ortib borayotgani, Abutovga ko'ra, mamlakatdagi diniy bosimlarga bog'liq. Bu guruhning chegarada to'planayotgani haqidagi xabarlar esa rejimning dindorlarga nisbatan bosimlarni yanada kuchaytirishiga sabab bo'lmoqda.
“Afg'onistondagi mayda-chuyda guruhlar “Islomiy davlat”ga sodiqlik bildirib bay'at keltirishdi, ammo bu “Islomiy davlat” Markaziy Osiyoga xavf solayapti degani emas. Bunday guruhlar Afg'onistonda avval ham bor edi. Bunday gaplar mavjud rejimlarning siyosatini qo'llashga xizmat qiladi, dindorlarga nisbatan tazyiqlarni yanada kuchaytiradi, real asos yo'q ”, - deydi Abutov.
Toshkentlik jurnalist Yuriy Chernogayev Afg'onistondagi vaziyat, xavfsizlikka doir vaziyat bo'yicha maqolalar yozadi. Jurnalistning aytishicha, O'zbekiston hukumati Afg'onistondan kutilayotgan xavfni o'ta jiddiy baholamoqda.
“Bu haqiqatda o'ta jiddiy xavf. Men maqolalarimda bunga katta o'rin ajrataman. Sababi shundaki, buning jiddiy xavf ekanligiga Afg'onistondagi manbalarimga bog'lanib, amin bo'layapman. “Islomiy davlat”ning qora bayrog'i nafaqat Turkmaniston va Tojikiston bilan chegarada, balki O'zbekiston chegarasi yaqinida ham ko'tarilmoqda. Ular o'z harakatlarini O'zbekistonga ko'chirishga qanchalik tayyor ekanliklarini esa aytish qiyin. Ammo avvalroq “Islomiy davlat” bayrog'i Toshekntda ham osib ketilganini inobatga olsak, ular oramizda”, - deydi Chernogayev.
Bo'hronlarni o'rganish guruhining jihodchilikka oid so'nggi tahlilida Markaziy Osiyoda “Islomiy davlat” tarafdorlari ko'payib borayotgani mintaqa rejimlarining o'z fuqarolariga munosib istiqbol taqdim eta olmagani bilan bog'liq ko'riladi.