Markaziy Osiyoga qiziqish darajasi bugun qanday?

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Germaniya kansleri Angela Merkel bilan Berlinda ko'rishmoqda, 21-yanvar, 2019-yil

Sovet Ittifoqi qulab, Markaziy Osiyo mamlakatlari mustaqil bo’lganidan beri yirik davlatlarning mintaqaga qiziqish darajasi turlicha bo’lgan. Bugun vaziyat qanday? Markaziy Osiyoga kim qiziqish bildirmoqda, qaysi davlatning ta’siri kattaroq? Jorjtaun universitetida mintaqa davlatlarining energetika siyosati va iqtisodiy ahvoli muhokama qilindi.

Your browser doesn’t support HTML5

Markaziy Osiyoga qiziqish darajasi bugun qanday?

1990-yillar boshida Qozog’istonda AQSh elchisi bo’lgan Uilyam Kortni REND korporatsiyasi tahlil markazida Yevrosiyo bilan shug’ullanadi. Uning aytishicha, Markaziy Osiyoga qo’shni davlatlar hamda yirik mamlakatlarning regionga qiziqish darajasi ayrim omillar ta’sirida o’zgarib bormoqda.

Masalan, Xitoy o’zining “Bir kamar, bir yo’l” tashabbusi doirasida Markaziy Osiyoda qator loyihalarni amalga oshirmoqda. Biroq odatda qiziqishi iqtisodiy hamkorlik bilan cheklangan Pekin endi mintaqada boshqa manfaatlarini ham olg’a surmoqda.

“Yaqinda Tojikistonda Xitoyga qarashli harbiy baza borligini bilib qoldik”, - deydi sobiq elchi.

Unga ko’ra, Rossiya ham Xitoy kabi sobiq territoriyalariga katta sarmoya kiritishni istaydi, biroq bunga Xitoy darajasida imkoni yo’q.

“Shunga qaramay, Rossiyaning turli tashkilotlar orqali mintaqaga siyosiy ta’siri bor, televideniyesi yordamida esa madaniy ta’sir ham o’tkazmoqda”, - deydi Uilyam Kortni.

Eron va Turkiya Markaziy Osiyoni o’ziga yaqin deb biladigan mamlakatlar. Ammo Eronda o’z ta’sirini o’tkazishga iqtisodiy imkoniyat yo’q. AQSh sanksiyalari nafaqat Eron iqtisodiyotiga zarar, balki xorijiy sarmoyadorlarni ham Eronga kirishiga to’sqinlik qilmoqda. Turkiyada esa iqtisodiy o’sish sekinlashgan.

“G’arbiy Yevropa ham Markaziy Osiyoda faol bo’la olmaydi, chunki ichki muammolari bilan band. Breksit – shulardan biri”, - deydi Kortni.

Afg’on urushi bir paytlar AQShni Markaziy Osiyoda faol bo’lishga undagan asosiy omil edi. Biroq Qo’shma Shtatlar Afg’onistondan harbiylarining katta qismini chiqarib, Tolibon bilan muzokaraga kirishi ketidan Markaziy Osiyo AQSh uchun ahamiyatini yo’qotib bormoqda, deydi tahlilchi.

O’zbekiston va Qozog’istonda hokimiyatning tinch yo’l bilan almashishi esa keskin siyosatga hojat qoldirmadi.

Jorjtaun universiteti professori Edvard Chou Xitoyni Markaziy Osiyoda asosiy o’yinchi deb biladi.

“Dunyoda neftga bo’lgan talabning yarmi Xitoyga to’g’ri keladi. Markaziy Osiyoga qo’shni bo’lgan bu mamlakat mintaqadan neft va gaz oladi, ta’minot xavfsizligini kafolatlaydi, uning avtoritar boshqaruv tizimi regiondagi siyosiy elitalarga to’g’ri keladi, iqtisodiy taraqqiyot modeli ularni o’ziga tortadi”.

Chou Hindiston, Eron, Turkiya, Janubiy Koreya va Yaponiya ham Markaziy Osiyoga qiziqishini tilga oladi.

“Yevropada Markaziy Osiyoga nisbatan aniq va izchil siyosat yo’q. Markaziy Osiyoga esa ittifoqning haddan ziyod inson huquqlariga e’tibor qaratishi yoqmaydi. Yevropaning qazib olinuvchi energiyaga talabi ham so’nib bormoqda”, - deydi mutaxassis.

Jorjtaundagi muhokamada qatnashgan Moskva davlat xalqaro aloqalar instituti dotsenti Ivan Safranchuk yirik davlatlarning Markaziy Osiyoga qiziqishi 2000-yillarda cho’qqisiga yetganini aytadi. Bunga katta o’yinchilarning mintaqada o’zaro raqobati sabab bo’lgan, deydi u.

“O’sha davrda mintaqaviy egoizm hukmron bo’lgan. Hamma qo’shnilarni chetga surib, katta davlatlar bilan hamkorlik qilishga intilar edi. Shu maqsadda Markaziy Osiyo rahbarlari qudratli mamlakatlarni bir-biriga qarshi o’ynatishga harakat qilgan”, - deydi mutaxassis.

Unga ko’ra, 2014-2016-yillarda geosiyosiy muvozanat tushunchasi o’zgardi. Markaziy Osiyo liderlari AQSh va Rossiyaning Sharqiy Yevropadagi raqobati mintaqaga tarqalishini istamadi, ularni masofada ushlashga harakat qildi. Natijada yirik davlatlarning Markaziy Osiyoga qiziqishi susaydi. Bundan xavotirlangan mintaqa rahbarlari qiziqishni jonlantirishga urinmoqda.

Endigi vazifa, deydi Safranchuk, regionda geosiyosiy raqobatni avj oldirmay, xalqaro elita diqqatini o’ziga qaratish, u bilan muloqotni aktivlashtirish.

Markaziy Osiyo geosiyosiy betaraflikka intilmoqda, deya xulosa qiladi rossiyalik siyosatshunos.