Markaziy Osiyo hamon o'zining ishonchli axborot manbalariga ega emas

Daniil Kislov, Fergana.Ru axborot agentligi asoschisi va bosh muharriri

Markaziy Osiyoda matbuot erkinligi va jurnalistika haqida gap ketganda, hukumatlardan hozir mamlakatda nechta axborot vositasi borligi haqida eshitasiz. Odamlardan esa aksariyat hollarda “qanaqa matbuot?” yoki “birortasi haqiqatni yoritmaydi” degan shikoyatni. Jurnalistlarning o’zlari esa efirda bu masalani ko’tara olmasa-da, shaxsiy muloqotlarda “ishlar rasvo” deyishdan tortinmaydi. Mintaqani deyarli 20 yildan beri internetda yoritib kelayotgan Fergana.Ru sayti asoschisi va bosh muharriri Daniil Kislov tahlilicha, jurnalistika qay ahvolda ekanini jamiyatning har bir jabhasida hukmron qo’rqinch belgilaydi.

Odamlar real vaziyatni qanchalik erkin muhokama qila oladi? Axborot vositalarining faoliyati ham shunga yarasha. Maqtash oson, muammolarni fosh etib, yechim qidirish esa qiyin. “Nimani kavlayapsan” deb kelib, ovozingizni o’chirishadi. Mustaqillik yillarida qanchadan-qancha jurnalistlar quvilgani, qamalgani, yo’q qilinganiga qarab, sharoitni tushunib olasiz, deydi Kislov, yaqinda AQSh poytaxtidagi Jorj Vashington universitetida o’tgan davra suhbatida.

Fergana.Ru 1998-yilda, internet Markaziy Osiyoga endigina kirib kelib, astalik bilan ildiz otayotgan davrda ochilgan. Kislov aslida farg’onalik. Lekin o’sha davrda u allaqachon Rossiyada yashayotgan bo’lgan. Moskvaga uni Boris Yeltsin rahbarligida federatsiya oshkoralik va demokratiya tomon yo’l oladi degan umidlar yetaklagan. Taqdir ekan, deydi Kislov, Rossiyadan qo’nim topdi. Lekin kindik qoni to’kilgan yurtdan uzoqlasha olmadi. Yangi zamonda yangicha axborot manbai kerak edi. Bir mamlakatni yoritadigan emas, butun mintaqani kuzatib, muhim o’zgarishlarni xatlab boradigan va informatsiya orqali besh respublika aholisini bir-biriga bog’laydigan. Rus tilida boshlangan loyiha, imkoniyatlarga qarab, mahalliy tillarda, jumladan, o’zbek tildia ham ishlaydi.

Yillar davomida G’arb davlatlari, donorlari va nohukumat tashkilotlar yordamida jurnalistika taraqqiyoti uchun ancha say-harakatlar qilindi. Seminar va treninglar, o’quv dasturlari, malaka oshirish imkoniyatlari taklif etildi. Biroq ko’zlangan maqsadlarga erishish qiyin kechdi va kechmoqda, deydi Kislov. Mintaqa hamon o’zining ishonchli manbalariga ega emas.

Qay tilda bo’lmasin, mahalliy jurnalistlar faoliyati sust. Davlat nazoratidagi axborot vositalariga ishonch juda past lekin har bir davlatda ular monopoliya. Rossiya informatsion hukmronligi kuchaysa kuchaydiki, pasaymadi, chunki mamlakatlarning o’zida ular bilan raqobat qila oladigan nashrlar, radio yoki telekanal yo’q. Aksincha, Rossiya axborot vositalariga taqlid kuchli. Eng achinarlisi, o’ta mahalliy lekin bag’oyat muhim yangiliklarni ham odamlar Rossiya matbuoti orqali biladi.

G’arbda keladigan axborot oqimiga qiziqish katta lekin uni qabul qilish imkoniyati cheklangan. Masalan, Pragadan “Ozodlik”, Londondan “Bi-Bi-Si”, Vashingtondan “Amerika Ovozi” o’zbek tillarida dasturlar beradi, serqirra veb sahifalariga ega. Internetdan foydalanuvchilar ko’paygani sari ularning ham auditoriyasi kengayib bormoqda, biroq saytlar va radio to’lqinlarga to’siqlar qo’yilgan. Teledasturlarni esa faqat sun’iy yo’ldoshga ulangan antenna orqali tomosha qilish mumkin. Mahalliy radio va telekanallarda asosan ko’ngilochar programmalar, shuningdek, davlat ko’rsatmasiga binoan targ’ibot dasturlari beriladi. Yangi paydo bo'lgan saytlarda ham shu ahvol. Oldi-qochdi gaplar, G'arb manbalaridan o'g'irlangan xabarlar va hikoyalar. Tahrir qilinmagan, yaroqsiz maqolalar.

Daniil Kilsov nazarida Qirg’iziston va Tojikistonda ozgina bo’lsa ham matbuot erkinligi bor edi, biroq bugun bu borada gapirish qiyin. Turkmaniston esa umuman yaqinlashib bo’lmaydigan, informatsion izolyatsiyada yashayotgan jamiyat bo’lib qolmoqda.

Fergana.Ru blokirovka qilingan. Biroq bugungi dunyoda to'siqlarni chetlab o'tish qiyin emas. Proksilar haqida bilsangiz bas.

Kislov bilan suhbatga kelgan markaziy osiyolik jurnalistlar unga alohida minnatdorchilik bildirib, muhim yangiliklarni aynan Fergana.Ru orqali bilishlarini aytdi. Turkmaniston, Qirg’iziston, Qozog’iston va O’zbekistondan kelib, Amerikada ishlayotgan, malaka oshirayotgan va bilib olayotgan yoshlar fikricha, mintaqa jurnalistika taraqqiyotida Fergana.Ru muhim ro’l o’ynab kelmoqda va hozirgi ish uslubini o’zgartirmasligi kerak. Ya’ni, deydi ular, nozik va dolzarb masalalar haqida tahliliy materiallar beraverishi kerak. Odamlarga “hazm qilishga og’ir ma’lumot” bermay, maqtovga to’la, asossiz va mantiqsiz maqola berish xalqni yerga urish bilan barobar, deydi Fergana.Ru tarafdorlari.

Lekin Fergana.Ru tanqidchilari ham ko’p. Uni faqat “salbiy ma’lumot" tarqatishda ayblaydiganlar ko’p. Buni ular ijtimoiy tarmoqlarda va saytning o'zidagi sharhlarda yashirmaydi. Vashingtonda bosh muharrir bilan suhbatda ham “faqat salbiy emas, ijobiy yangiliklarni ham yoriting” degan chaqiriq yangradi.

Daniil Kislovning javobi shuki, jurnalistika og’ir masalalarni ko’tarishi bilan jurnalistikadir. Salbiy holatlarni yoritish uning asosiy ishi. Masalalarni fosh etib, yechimga undash, xalq hayotini osonlashtirish yo’lida hissa qo’shish uning fundamental vazifalaridan biri. “Nyu-York Tayms” gazetasini bir oching, deya misol keltiradi u, qancha ijobiy yangilik o’qiysiz?

Mustaqil axborot vositalari doimiy quvvatlovga, moliyaviy manbalarga muhtoj. Fergana.Ru turli jamg’arma va nohukumat tashkilotlar yordamiga tayanadi. Asosiy shart – ishonchli va haqqoniy informatsiya berish, xalqlarning bugungi va ertangi hayoti uchun muhim mavzularni iloji boricha xolis yoritish.

Muxbir topish, ularning uquvini oshirish, maosh to’lash – nihoyatda murakkab masalalar. Bepul material beradiganlar, ko’ngilli mutaxassislar ham bor.

Fergana.Ru chop etgan materiallar asosan ikki chig’iriqdan o’tadi, deydi Kislov. Birinchisi - sayt sifatini nazorat qiladigan yuqori malakali hay’at bor, xalqaro mutaxassislar va arboblardan iborat. Ikkinchisi esa bosh muharrir va uning professional talablari. Har bir maqola uchun javobgarlik va mas’uliyat ta'minlanadi, deydi Kislov.