Markaziy Osiyo keng miqyosli ixtiloflardan xoli hudud. Lekin chegaraviy nizolar va etnik ziddiyatlar unga begona emas. Ularni bartaraf etishda mahalliy tashkilotlar va yoshlarning o'rni qanday? Jorj Vashington universitetida tadqiqot olib borayotgan markaziy osiyolik yosh olimlar shu mavzuni muhokama qildi.
Qirg'izistonlik tadqiqotchi Diana Mamatova Farg'ona vodiysidagi chegara nizolarini o'rganyapti. Uning aytishicha, ixtiloflar so'nggi yillarda odatiy holga aylangan.
"2010-2013-yillar orasida tojik-qirg'iz chegarasida 60 dan ortiq nizo yuz bergan bo'lsa, qirg'iz-o'zbek chegarasida ular soni 100 dan oshdi", - deydi u.
Nizolarga sabab bo'layotgan omillar asosan uchta, deydi tadqiqotchi.
"Avvalo, chegaralar aniq belgilanmagani bois xavfsizlik kuchaytirilgan. Suv va yer resurslari ustidan kurash yana bir sabab. Tobora avj olayotgan millatchilik ham nizolarni kuchaytirmoqda", - deydi Mamatova.
Tadqiqotchiga ko'ra, chegara nizolarini hal qilishda mahalliy aholi va nodavlat tashkilotlarning hamkorligi muhim ahamiyatga ega. Hukumatlar bunday tashabbuslarni qo'llab-quvvatlashi kerak, deydi u.
2016-yil oxirida O'zbekistonda hokimiyatning yangilanishi ortidan rasmiy Toshkent va Bishkek orasidagi munosabatlar keskin iliqlashdi. Har ikki davlat rahbarlari qo'shni yurtga davlat tashrifi bilan keldi. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning aytishicha, ixtilofli chegara hududlarining 85 foizi hal qilib bo'lingan.
Diana Mamatovaga ko'ra, ko'p narsa yetakchilarning siyosiy irodasiga bog'liq, lekin ayrim bahsli hududlar va masalalarni hal qilishda o'sha nizolar bilan bog'liq hududlar aholisining fikri ham inobatga olinishi kerak.
Tojikistonlik tadqiqotchi Jafar Usmanov nizolarni hal qilishda yoshlarning roliga e'tibor qaratadi. Uning aytishicha, so'nggi tadqiqotlar mintaqa yoshlari orasida xavotirli o'zgarishlar yuz berayotganini ko'rsatgan.
"Avvalo, yoshlar o'zlaridan boshqa etnik guruhlarga nisbatan salbiy munosbatda ekani aniqlandi. Tojiklar bilan qo'shni bo'lishga qanday qaraysiz, degan savolga qirg'izistonlik yoshlar o'ta salbiy baho bergan. Qirg'iz qo'shnilar haqida xuddi shunday savolga tojik yoshlarining bahosi ijobiyroq, lekin baribir salbiy", - deydi tadqiqotchi.
Yoshlar orasida millatchilikning oshib borayotgani juda xavotirli, deydi u.
"Ixtiloflar yuz berganda, uni kuchaytiradigan omillardan asosiysi - qarshi tarafning etnik kelib chiqishi", - deydi Jafar Usmanov, o'z izlanishlariga asoslanib.
Yoshlar, shuningdek, muammolarni hal qilishda zo'ravonlikka ko'p qo'l urishi aniqlangan. O'quv yurtlarida, yig'ilishlarda kelishmovchiliklar yuz bersa, ko'pincha, tomonlar mushtlashish orqali muammoga yechim topishga urinadi.
"Bu salbiy holatlar millatlararo va qo'shni davlatlar o'rtasidagi nizolarni hal qilishda yoshlarning samarali ishtirok etishiga to'siq bo'layotgan asosiy muammolardir", - deydi tojikistonlik yosh olim.
Ularning oldini olish uchun nima qilish kerak? Jafar Usmonovga ko'ra, turli millatdagi yoshlarni o'zaro hamkorlikda bajariladigan loyihalarga jalb etish kerak.
"Har ikki tomon yoshlari uchun kerakli va qiziq bo'lgan masalalarda birgalikda loyihalar o'tkazish kerak. Shu orqali ular bir-birlarini tanisin, ijobiy qabul qiladigan bo'lsin", - deydi tadqiqotchi.
Yosh olimlar bir fikrda yakdil: erta-indin mana shu yoshlar yetakchilikni qo'lga oladi. Agar ular hozirdan qo'shnilari haqida ijobiy va pragmatik ruhda tarbiyalanib bormasa, hozirgi mavjud etnik va chegaraviy ixtiloflar kelajakda yana davom etishi mumkin.