Markaziy Osiyo davlatlari qanday formatda hamkorlik qilgani ma'qul?

Oxirgi yillarda Markaziy Osiyoda hamkorlik va integratsiya haqida ko’p eshitamiz. Haqiqatan hamkorlik bormi? Uning darajasi qanday? Bu yo’lda qanday to’sqinliklar mavjud? Hamkorlikni rasmiylashtirib, regional tashkilot tuzish vaqti keldimi?

Your browser doesn’t support HTML5

Markaziy Osiyo davlatlari qanday formatda hamkorlik qilgani ma'qul?

Vashingtondagi Yaqin Sharq Institutida o’tgan muloqot chog’ida Markaziy Osiyo bo’yicha ikki mutaxassis – shvetsiyalik tahlilchi Svante Kornell hamda Markaziy Osiyo va Kavkaz Instituti direktori, tarjibali siyosatshunos Frederik Starr mintaqaviy jarayonlarga baho berdi.

Aytish joiz, regional hamkorlik bir necha tarixiy bosqichdan o’tgan. O’rta Osiyo Rossiya istilosiga uchramasdan oldin Xiva, Buxoro, Qo’qon xonliklari o’zaro savdo qilgan, so’ng Sovet Ittifoqi doirasida beshta respublika infratuzilmasi, iqtisodiyoti uzviy bog’liq bo’lgan, respublika rahbarlari Moskvadagi yig’ilishlarda va o’zaro muntazam aloqada bo’lgan. Har bir respublika mustaqillikka erishib, alohida davlatga aylangach, Qozog’iston, O’zbekiston va Qirg’iziston 1993-yil sentabrida Markaziy Osiyo iqtisodiy ittifoqiga asos soldi, ammo tashkilotning umri qisqa bo’ldi. So’ng 2007-yilda Nursulton Nazarboyev yangi mintaqaviy ittifoq tuzish g’oyasi bilan chiqdi. Biroq Islom Karimov va Nursulton Nazarboyev o’rtasidagi raqobat, tashqi kuchlar aralashuvi, jahondagi ayrim siyosiy jarayonlar hamda qo’shni Afg’onistondagi qaltis vaziyat tufayli g’oya amalga oshmadi.

Islom Karimov o’limidan so’ng yangi rahbar Shavkat Mirziyoyev eng birinchi navbatda qo’shni mamlakatlar bilan aloqalarni yaxshilashga kirishdi. Shu yil mart oyida Ostonada to’rt respublika rahbari va Turkmaniston parlamenti spikeri Markaziy Osiyo sammitiga to’plandi va har yili Navro’z bayramidan oldin uchrashib turishga kelishishdi. Mirziyoyev prezidentlikka kelganidan beri har bir qo’shni davlat rahbari bilan bir necha bor ko’rishdi. Natijada eng dolzarb chegara va suv muammolari hal etila boshladi, savdoga turtki berildi, madaniy aloqalar kuchaydi, yangi regional tashkilot tuzishga sharoit tug’ilmoqda.

“Agar shunday bo’lsa, mintaqani bo’lib unga hukmini o’tkazish qiyin bo’ladi. Axir Rossiya tarixan shunday siyosat qo’llab kelgan. Albatta, butunlay imkonsiz bo’ladi deya olmayman, chunki mamlakatlar birlashayotgani yo’q. Har biri o’z mustaqilligi, iqtisodiyoti, valyutasini saqlab qoladi. O’ylaymanki, shu paytgacha bo’lmagan hamkorlik va muvofiqlashtirish darajasiga guvoh bo’lamiz hali”, - deydi Starr.

Biroq bunday tuzilma qanday shaklda bo’lishi va qanday faoliyat yuritishi kerak?

Svante Kornell va Frederik Starr eng so’nggi izlanishlarida dunyodagi to’rtta mintaqaviy tashkilot faoliyatini tahlil qilib, ularning Markaziy Osiyoga ahamiyatini o’rgandi. Bular Janubiy Amerika mamlakatlarini o’z ichiga olgan “Merkosur”, Skandinaviyadagi besh mamlakat a’zoligidagi mintaqaviy hamkorlik tashkiloti, Janubi-sharqiy Osiyodagi 10 mamlakat tuzgan ASEAN hamda Chexiya, Vengriya, Polsha va Slovakiya a’zoligidagi Vishegrad guruhi.

Ular qanday faoliyat yuritadi, qay birining tajribasi Markaziy Osiyoga to’g’ri keladi?

Avval “Merkosur”dan boshlasak. 1991-yilda tuzilgan tashkilotga bugun Braziliya, Argentina, Urugvay, Paragvay va Venesuela kiradi. Venesuela tashkilotdan vaqtincha chetlashtirilgan. Mintaqadagi ikki yirik davlat – Braziliya va Argentina bu tuzilma boshqaruvida katta ro’l o’ynaydi. Markaziy Osiyoda Qozog’iston va O’zbekiston kabi.

“Merkosur”, asosan, iqtisodiy masalalar bilan shug’ullanadi. A’zo mamlakatlar orasida vizasiz sayohat tartibi mavjud, fuqarolar ikki yilgacha istalgan a’zo davlatda yashashi mumkin, tovarlar erkin harakatlanadi, boj to’lovlari, tariflar yo’q. Biroq “Merkosur” ko’p jihatdan Argentina va Braziliya taraqqiyotiga bog’liq. 1999-yilda Braziliyada, 2001-yilda esa Argentinadagi iqtisodiy va moliyaviy tushkunlik tashkilotning siyosiylashishiga olib keldi.

“Markaziy Osiyoda davlat tizimlari vertikal shaklga ega, hamkorlik prezidentlar siyosiy irodasiga bog’liq, shu sabab yangi tashkilot qattiq poydevor va strukturaga ega bo’lmasa, hamkorlik darajasi, “Merkosur” tashkilotida bo’lgani kabi, qisqa muddatli siyosiy maqsadlar va rahbarlar o’rtasidagi shaxsiy munosabatlarga qaram bo’lib qoladi”, - deydi Kornell.

Markaziy Osiyo “Merkosur”ning regional savdo bobidagi tajribasidan foydalanishi mumkin. Frederik Starrning aytishicha, aynan savdo, xususiy tadbirkorlar regional hamkorlik poydevori, asosi bo’la oladi.

Skandinav mamlakatlarini oladigan bo’lsak, mintaqa ko’p jihatlari bilan Markaziy Osiyoga o’xshab ketadi; Daniya, Finlyandiya, Islandiya, Shvetsiya va Norvegiya o’rtasida madaniy, diniy, tarixiy yaqinlik bor, tillari bir-biriga o’xshash, hech bir mamlakat Skandinav hamkorlik tashkilotida ustun emas, kollektiv mudofaa tizimi bor.

Vashingtonlik tahlilchilar o’rgangan uchinchi guruh ASEAN bo’lib, 1967-yilda tuzilgan tashkilot haligacha ahamiyatini yo’qotmagan. Tashkilot hududi yadrodan xoli zona deb e’lon qilingan. Garchi undagi mamlakatlar tarixi, tili, madaniyati, dini, iqtisodiy darajasi bo’yicha bir-biridan farq qilsa-da, mintaqaviy hamjihatlikka sodiq, yirik davlatlar bilan alohida emas, bir ovoz bo’lib, tashkilot nomidan gaplashishadi. Ya’ni o’xshashliklarsiz ham mustahkam va samarali hamkorlik olib borsa bo’ladi.

Rossiya, Xitoy, AQSh kabi qudratli davlatlar ta’sir doirasiga tushgan Markaziy Osiyo uchun ASEAN tajribasi o’rinli, deydi Svante Kornell.

“Yirik mamlakatlar Markaziy Osiyo davlatlari bilan alohida ish ko’rishga, o’z manfaatlarini ikki tomonlama muloqot orqali olg’a surishga odatlanganini, ular bilan guruh sifatida gaplashishni yoqtirmasliklarini bilamiz. Agar mintaqa mamlakatlari yagona guruh sifatida muloqot qilsa, manfaatlariga erishishi oson bo’ladi”, - deydi shved olimi.

ASEAN davlatlari a’zolar orasida va bir necha mamlakat bilan erkin savdoga kelishishgan, mudofaa bobida tez-tez muloqot qilib turadi.

Nursulton Nazarboyev fikricha, Markaziy Osiyoga ko’proq Vishegrad guruhining tajribasi to’g’ri keladi. Kelasi yil martida Toshkentda bo’ladigan majlisda aynan Vishegrad guruhi formatida hamkorlik qilishga o’tish kutilmoqda. Ya’ni muloqot norasmiy tarzda olib boriladi, davlat rahbarlari bir yilda bir marta majlis qiladi.

1991-yilda Sovet Ittifoqi qulab, Sharqiy Yevropa mamlakatlari mustaqillikka erishganidan so’ng Vengriya, Polsha, Chexiya va Slovakiya tashkilot tuzdi. Umumiy tarixiy o’tmish va o’xshash madaniyatga ega bu davlatlarning hammasi Yevropa Ittifoqi va NATOga a’zo. Shu sabab Vishegrad guruhi rasmiy maqomga ega emas, Starr va Kornell esa Markaziy Osiyo mintaqaviy tashkiloti rasmiy strukturaga ega bo’lishi kerak, deydi, aks holda guruh aniq tizim va belgilangan qoidalar asosida emas, rahbarlar kayfiyati va siyosatiga qarab faoliyat yuritadi.

“Markaziy Osiyo hamkorligi davlat rahbarlari yoki tashqi ishlar vazirlari majlislari bilan cheklanib qolmasligi kerak. Hamkorlikka rasmiy shakl berib, muammolarni turli strukturalar orqali hal qilish lozim. Masalan, transport, sog’liqni saqlash, ta’lim sohalariga oid qo’shma idoralar bo’lishi, mulozimlar bir-biri bilan yaqinroq tanishishi, o’z mamlakatlari manfaatlarini o’ylab ish qilishsa-da, regional darajada fikrlashlari zarur”, - deydi Kornell.

Professor Starr Markaziy Osiyoga nisbatan “integratsiya” so’zining ishlatilishiga qarshi. Uning nazarida, integratsiya Sovet Ittifoqining mamlakatlarni o’z domiga tortish siyosatini eslatadi.

“Integratsiya suverenitetni qo’ldan boy berish demakdir. Yevropa Ittifoqi bunga misol. Putin bu haqda ko’p gapiradi. Hamkorlik, muvofiqlashtiruvga urg’u berish kerak va bunga hozir hech qanday to’siq yo’q, yo’llar ochiq. Chegaradagi muammolar bartaraf etilsa, mamlakatlar orasida harakatlanish osonlashtirilsa, poytaxtlar o’rtasida to’g’ridan-to’g’ri parvozlar tashkil etilsa, tadbirkorlarga mintaqani kezish uchun sharoitlar yaratilsa, bundan hamma foyda ko’radi”, - deydi Star.

Bundan tashqari, Starr regional hamkorlik doirasida umumiy axborot maydonini yaratish zaruratiga ham urg’u beradi, chunki mintaqaviy axborot almashinuvi xalqlar orasida muloqotni faollashtiradi, ularni bir-biriga yaqinlashtiradi, deydi olim.

Markaziy Osiyo rahbarlari Toshkentdagi uchrashuvda mintaqa mehmonlari uchun yagona viza sistemasini joriy etish xususida gaplashishi kutilmoqda.