Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari Vashingtonga tashrif buyurmoqda

  • Amerika Ovozi

2015-yil 1-noyabr kuni Samarqandda C5+1 formatida o'tgan birinchi yig'in

Chorshanba kuni Markaziy Osiyoning besh respublikasi tashqi ishlar vazirlari Vashingtonda AQSh Davlat kotibi Jon Kerri bilan uchrashadi. Bu C5+1 nomli formatda o'tkazilayotgan ikkinchi diplomatik tadbirdir. Birinchisi 2015-yil noyabrida Samarqand shahrida o'tgan edi.

Olti vazir mintaqaviy xavfsizlik, atrof-muhit muhofazasi, iqlim o'zgarishi, gumanitar masalalar xususida fikr almashadi hamda birinchi majlis ketidan ishchi guruhlar tayyorlagan beshta loyihani muhokama etadi.

Tushlik paytida Markaziy Osiyo vazirlari va Amerikaning ko'zga ko'ringan siyosiy tahlilchilari mintaqaning 21-asrdagi taraqqiyoti mavzusida o'z qarashlarini bildiradi, savol-javoblar bo'ladi. Tadbirda AQSh tomonidan Kerrining o'rinbosari Entoni Blinken qatnashadi.

Chorshanba kuni AQSh Savdo palatasi biznes forum o'tkazib, vazirlar Amerikaning yirik kompaniyalari vakillari bilan mintaqada biznes imkoniyatlar xususida gaplashadi. Palata, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan madaniy kecha ham rejalagan.

C5+1 formatidagi muloqotdan maqsad mushtarak manfaatlarga ega mintaqaviy muammolarni hamkorlikda hal etishga intilish. Qo'shma Shtatlar bu bilan Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlarini yanada chuqurlashtirmoqchi.