Fransiyada 2015-yilda “Sharli Ebdo” hajviy jurnali muharririyatiga hujum qilgan odamlarga aloqadorlikda gumon qilinayotgan 14 kishi ustidan sud jarayoni boshlandi.
Your browser doesn’t support HTML5
O’zini al-Qoida terror guruhiga a’zo deb da’vo qilgan ikki musulmon hujumida 12 odam o’lgan edi. Said va Sharif Kuashi ismli aka-uka hujumni jurnalda Muhammad payg’ambar karikaturalarining chop etilgani bilan izohlagan.
Shundan ikki kun o’tib, Kuashilarga aloqador bir odam Parijda oziq-ovqat do’konida 14 kishini garovga olib, to’rt yahudiyni o’ldirgan. Amedi Kulibali ham, aka-ukalar ham politsiya bilan otishmada o’lgan.
“Sharli Ebdo” sud jarayoni boshlanishi munosabati bilan fransuzlarga 2015-yil voqealarini eslatish maqsadida jurnalning bugungi maxsus sonida o’sha karikaturalarni yana chop etdi. Ularning birida Muhammad payg’ambar bomba shaklidagi sallada tasvirlangan.
Karikaturalarning ayrimlari ilk bor 2005-yilda Daniyadagi bir gazetada nashr etilgan, ammo omma e’tiborini o’ziga tortmagan edi. “Sharli Ebdo” bir yildan so’ng ularni o’z sahifalarida chop etib, musulmon dunyosida ommaviy noroziliklar uyg’otgan.
Jurnal va Yevropa hukumatlari karikaturalarni so’z erkinligining ifodasi deb ta’riflashiga qaramay, Fransiyada hamma ham bunday fikrda emas.
“Men buni musulmonlar sha’niga hujum deb bilaman. Karikaturalar musulmonlar va boshqa mamlakatlar o’rtasida qattiq ziddiyatlarga sabab bo’ldi. Hamma musulmonlar ham terrorchi emas, ammo “Sharli Ebdo” musulmonlarni terrorchi deb ta’riflashga harakat qilyapti”, - deydi parijliklardan biri.