"Islomiy davlat" to'dasidan ilhomlangan terrorchilar "Sharli Ebdo" jurnali tahririyatiga qilgan hujumga bu hafta bir yil to'ldi. O'tgan yili jurnal binosida va yahudiylar bozorida ro'y bergan xurujlarda 17 odam halok bo'lgan edi. O'tgan davr mobaynida "Islomiy davlat"ga qarshi kurash yanada jadallashdi.
Parij ko'chalarida "Sharli Ebdo" jurnalining maxsus soni sotilmoqda. O'quvchilar nashr bilan hamdard ekanini aytadi.
"Ayrim qadriyatlarni himoya qilishimiz kerak. "Sharli Ebdo" va bu odamlarning g'oyalarini 100 foiz qo'llab-quvvatlayman", - deydi Nikola ismli fuqaro.
Fransiya Prezidenti Fransua Olland jurnal binosi va yahudiylar bozorida maxsus yodgorlik ochilishida qatnashdi.
O'tgan bir yil davomida dunyo o'zgardi. Koalitsiya yordamida Iroq va kurd askarlari "Islomiy davlat" jangarilarini egallab olgan hududlaridan siqib chiqarmoqda.
"Iroqda IShID 40 foiz atrofida hududni nazorat qilyapti. Suriyada buni bilish qiyin. Taxminan 20 foizdan kamroq. Iroq va Suriyada jami 30 foiz hudud ular nazoratida", deydi xalqaro koalitsiya so'zlovchisi, polkovnik Stiv Uorren.
G'alaba osonlikcha qo'lga kiritilayotgani yo'q. Ramadi qayta egallanganidan bir hafta o'tib Iroq askarlari hududda hanuz jangarilarni qidirmoqda.
"10 kun ovqat va suvimiz bo'lmadi. Qamalib qolgan edik. Bugun askarlar uylarimizni tark etishimiz mumkinligini aytishdi. Allohga shukr, ular bizni qutqardi. Ovqat yo'qligidan ayollar hushidan ketayotgan edi", - deydi ramadilik bir fuqaro.
Mag'lubiyatlarga javoban "Islomiy davlat" propaganda urushiga zo'r bergani aytilmoqda. Internetda e'lon qilingan videolardan birida guruhning Angliya aksentida gapiruvchi vakili Britaniya bosh vaziriga murojaat qiladi.
"Ey Oq uyning quli, yahudiylarning eshagi. Deyvid Kameron, bu gap sen uchun", - deyiladi videoda.
Bu odamning aytishicha, kun kelib Britaniya "Islomiy davlat" qo'liga o'tadi. Video G'arbga josuslik qilishda ayblangan besh kishining qatli bilan tugagan.
Bosh vazir Kameron bayonotni "jirkanch" deya atab, G'arb, albatta, g'olib chiqadi, dedi.
"Bizning qadriyatlarimiz ularnikidan ancha kuchli. Uzoq vaqt ketishi mumkin, ammo ular yengiladi", - dedi Kameron.
Guruh videosida hatto britaniyalik yosh bola ham ko'rsatilgan. To'da o'z propagandasida yosh bolalardan tez-tez foydalanib turadi.