AQShdagi nufuzli yozuvchilar uyushmasi Fransiyadagi "Sharli Abdo" hajviy jurnalini jasorat uchun mufokotlar ekan, bu qaror Amerika qalam ahlini qoq ikkiga ajratib qo'ydi. Odatda bu mukofot yuzasidan yozuvchilar fikri yakdil.
"Sharli Abdo"ning bosh muharriri Jerar Biard va film tanqidchisi Jan Batist Tore sovrinni qabul qilish uchun kecha Nyu-Yorkka borgan. AQShdagi "Pen" yozuvchilar uyushmasining fikr va so'z erkinligi bo'yicha mukofoti ularga taqdim etildi.
Jurnalning Parijdagi tahririyati yanvar oyida qurollangan ikki shaxs tomonidan hujumga uchragan, 12 kishi o'lib, yana 11 odam jarohatlangan edi. Nashr, xususan, Muhammad payg'ambarni mazax qiluvchi suratlarni chop etib tanilgan.
"Pen" tashkilotining 200 dan ziyod a'zosi bu qarordan norozi bo'lib shikoyat xati yozgan. Ular nazarida "Sharli Abdo"ning ayrim karikaturalari madaniyatlarga nisbatan nihoyatda haqoratomuz. Rasmlar, ba'zi yozuvchilar fikricha, irqchilikni targ'ib qilish bilan barobar.
Biroq mukofot munosib sohiblarga berildi, deganlar ham bor. Masalan, jangarilar tomonidan uzoq yillar ta'zib qilib kelinayotgan adib Salmon Rushdiy nazarida, so'z va fikr erkinligini e'zozlagan tashkilot o'ziga yoqmagan fikrlarni ham hurmat qilishi muhim. Faqat o'z qadriyatlariga mos fikrlarni himoya qilish senzura emasmi, deydi yozuvchi.