Vashingtonda Jorjtaun degan shaharcha bor. Boylar yashaydigan hudud. Qimmat uylar, do’kon va restoranlarga ko’zingiz tushadi. Yaqinda u yerda arzon yegulik sotadigan oshxona ochildi va qochqinlarni ish bilan ta’minlaydi.
Oshxonaga kirib kelayotgan mijozlarga falafel degan sendvichlar tezda tayyorlab beriladi.
“Daromadning bir qismini qochqinlar ehtiyojlariga sarflashar ekan”, - deydi bir mijoz.
“Bu biznesning qochqinlarga yordamini qo’llab-quvvatlayman”, - deydi yana biri.
“Taomlar mazali. Kelishimizdan oldin oshxona egasi boshlagan tashabbus haqida eshitdik. Tasanno deymiz”, - deydi uchinchi kliyent.
Kichik oshxonani tadbirkor Ahmad Ashkar ochgan.
“Qochqinlarga yordam berishning yo’llari ko’p. Bu joyni ochganimning sabablari bor. Birinchidan, dunyo bo’ylab qochqinlar lagerlarida falafel rastalarini ko’rasiz. Juda arzon va to’yimli ovqat. Lagerlarda asosiy yegulik shu. Ikkinchidan, falafel men eng yaxshi ko'rgan taom", - deydi u.
Barcha retseptlar, jumladan loviyadan qilingan falafel pishirishni Ashkar onasidan o’rgangan.
“Onam Falastinning g’arbiy sohilida tug’ilib, ulg’aygan. Falafel va xumus san’atini o’sha yerda o’rgangan”, - deydi tadbirkor.
Oshxonada sendvichlar uch dollar, menyudagi eng qimmat ovqat to’rt dollar.
“Toza mahsulotlarni ishlatishadi. Jorjtaunda tushlik qilaman desangiz, bu narxda ovqat topa olmaysiz”, - deydi Keti Altman, mijoz.
Restoran ochilganiga uch oy bo’ldi. Bu davr mobaynida Jahon oziq-ovqat dasturiga 10 ming qochqinni to’ydirishga yetarli mablag’ ajratildi.
“Kuniga 600-800 mijozga xizmat ko’rsatamiz. Ular sendvich va falafel bilan birga ichimlik va saladlarimizdan xarid qilib turishsa, biznesimiz davom etaveradi”, - deydi oshxona egasi.
Ashkar qochqinlarga yordam tashabbusini davom ettirmoqchi. Restoran devorlarida ularning suratlarini ko’rasiz. Agar yana 100 shirkat ochsam, yiliga bir million qochqinni to’ydirsa bo’ladi, deydi u.
“Maqsadimiz - dunyo bo’ylab qochoqlarni ish bilan ta’minlash. Har bir oshxona 12 kishini ish bilan ta’minlaydi. Qochqin ikki yil ishlaganidan so’ng restoran egasiga aylanishi ham mumkin”.
Buning uchun ko’p narsa kerak emas, deydi tadbirkor. Oshxonasi bor kichik bir bino, falafelni pishirish uchun joy bo’lsa kifoya.
“Jahonning turli burchaklarida mojarolar, qochqinlar oqimi tinmayapti. Kompaniyamiz inqirozning boshlang’ich nuqtasida muammolarga yechim topishga harakat qiladi. Qo’ldan kelgan yordamni beramiz”, - deydi Ashkar.