O’tgan hafta AQShda Respublikachilar partiyasining tanlovida mag’lubiyatga uchragan qonunchi Liz Cheyni sobiq prezident Donald Trampning ashaddiy tanqidchilaridan bo’lib, ayrim xabarlarga ko’ra u 2024-yilda bo’ladigan prezident saylovlarida o’z nomzodini qo’yishi mumkin.
Your browser doesn’t support HTML5
Tramp ham shunga ishora qilmoqda, garchi bu haqda rasman e’lon qilmagan bo’lsa-da.
Cheyni yangi tashkilot tuzib, Tramp va uning siyosiy maslakdoshlariga qarshi kurashishini bildirdi.
“Partiyamiz shaxsga sig’inish uchun tamoyillaridan, qadriyatlardan va Konstitutsiyaga sadoqatdan voz kechgan bir sharoitda saylovlarda g’alaba qozona olmaymiz. Bu ko’p jihatdan xavflidir”, - dedi siyosatchi.
Vayoming shtatida Vakillar palatasiga Respublikachilar partiyasidan vakillikka nomzodlar tanlovida Tramp Cheynining raqibi Xerriyet Xeygmenni qo’llab-quvvatladi. Cheyni poygani 30 foizdan ortiq farq bilan boy berdi. Uning mag’lubiyati Trampning respublikachilar orasidagi nufuzi darajasini namoyish etdi.
"Men g’alabaga yolg’iz o’zim erishganim yo’q. Buning uchun Prezident Trampga minnatdormiz. Uning eng boshidan ko’rsatgan qat’iy yordami bizni shu g’alabaga yetakladi”, - dedi Xeygmen.
Tramp 2020-yil saylovida ovozlar soxtalashtirilganini, aslida Jo Bayden emas, balki u g’alaba qozonganini da’vo qilib keladi. Cheyni ham, Tramp ham keyingi saylovda qatnashishi taxmin qilinmoqda. Biroq sobiq prezident ayrim huquqiy to’siqlarga duch kelishi mumkin.
Respublikachilarning ba’zilari Trampni qo’llab-quvvatlarkan, Federal qidiruv byurosining yaqinda uning uyida o’tkazgan tintuvini qoralamoqda.
“Bu ishning adolatsizligi respublikachilar qarshiligiga uchrayapti. Hamma birlashayotganini ko’ryapsiz. Tramp bilan hamfikr bo’lmaganlar ham”, - deydi Vakillar palatasining respublikachi a’zosi Den Krensho.
Liz Cheynining aytishicha, u Vayomingdagi mag’lubiyatidan so’ng Prezident Bayden bilan muloqot qilib, mamlakat manfaatlarini partiyaviy manfaatlardan ustun qo’yish muhimligiga urg’u bergan.
Siyosatchi sobiq vitse-prezident Dik Cheynining qizi bo’lib, respublikachi bo’lishiga qaramay, uning otasi ham Trampning ashaddiy tanqidchisi. Dik Cheyni sobiq prezident kenja Jorj Bushning o'rinbosari bo'lgan, 2003-yilda Iroqda urush boshlash qarori ortida turganlardan.