Dunyo bo’ylab go’sht, sut va tuxumga talab oshgan. Kichik fermalar birlashib, katta sanoatlarga aylanmoqda. Yirik xo’jaliklar mahsulotni tez va arzon yetkazib bersa-da, axlat va chiqindisi tabiatga zarar. “Amerika Ovozi” Merilend shtatida bu muammo qanday hal etilayotgani bilan tanishdi.
300 ming tonna go’ng. Merilend shtatining milliard dollarlik parrandachilik sanoatidan yillik chiqindi miqdori shu. Ba’zilar bunga muammo deb qaraydi. Rey Ellis uchun bu biznes imkoniyat.
“Bahorda buni to’g’ri dalalarga olib borib tashlaymiz”, - deydi u.
Rey Ellis tovuq boqadigan fermerlar va ekin yetishtiradigan dehqonlar o’rtasida vositachi, broker. Tovuq go’ngi - eng zo’r o’g’it, undan azaldan keng foydalanishgan, deydi u.
“Yerni tozalab, tovuq go’ngini sepsangiz, ana keyin hosil beraveradi. Eskilar doim shu haqda so’zlab berishadi. Yerni jonlantiradi, hosildorlikni oshiradi”, - deydi Ellis.
Ammo bugun hosildorlik joyida. Dalalarga shunchalik ko’p o’g’it sepilyaptiki, chiqindining bir qismi Chasepik daryosiga oqib tushayapti. Bu tabiatni, ekosistemani barbod qiladi.
“Foydali moddalar haddan ziyod ko’pligi sabab suv o’simliklari ko’payib ketgan”, - deya sharhlaydi Merilend qishloq xo’jaligi boshqarmasidan Royden Pauell.
U suv o’ti ko’payganidan ayrim jonivorlar qirilib ketayotganini aytadi. Yangi qoidaga ko’ra, fermerlar tovuq go’ngidan foydalanishni me’yordan oshirmasligi kerak.
Bu degani, mahsulotga yangi xaridorlar topish zarur. Pauellga ko’ra, fermerlar tovuq axlati foydasini yaxshi biladi. “Bu mahsulotga xaridorlar doimo topiladi. Talab katta”, - deydi u.
Ortiqcha o’g’itni yangi dalalarga yetkazish xarajatlarini qisman mahalliy hukumat qoplab kelmoqda. Shuningdek, yirik parrandachilik kompaniyalaridan biri axlatni elektr quvvatiga aylantiruvchi zavod qurish taklifi bilan chiqdi.