Pekinda Xitoy tashabbusi bilan tuzilgan Osiyo infratuzilma sarmoyasi bankini rasman ishga tushirish to'g'risida shartnoma imzolandi. Yangi bankka a'zo bo'lgan 57 mamlakat vakillari marosimda ishtirok etdi.
Osiyoda yo'llar, temiryo'llar, portlar, telekommunikatsiya tizimlari, energetikani rivojlantirish, elektr liniyalarini tushirishga doir loyihalarga 800 milliard dollar zarur. Bank mamlakatlarga infratuzilmasini zamonaviylashtirishga kreditlar berishga mo'ljallangan.
Bankning boshlang'ich kapitali 100 milliard dollar bo'lib, Xitoy 30 milliard dollar kiritgan. Hindiston va Rossiya yangi tuzilmaning Xitoydan keyingi yirik aksiyadorlari.
Osiyo infratuzilma sarmoyasi banki ba'zilar nazarida Jahon banki va Osiyo taraqqiyot bankiga raqib sifatida yaratilgan. AQSh va Yaponiya unga kirishdan bosh tortgan. Ular bank xolis va tiniq boshqarilishiga, mijozlaridan yuqori ekologik va mehnat standartlariga rioya etishni talab qilishiga shubha bildirgan.
Vashington Afrika, Yevropa va Janubiy Amerikadagi ittifoqchilarini yangi bankka qo'shilmaslikka da'vat etishga behuda uringani aytiladi.