Xitoy qurolli kuchlari 300 ming harbiyga qisqaradi

  • Amerika Ovozi

Xitoy qurolli kuchlari

Ikkinchi jahon urushi tugaganining 70 yilligi munosabati bilan kecha Pekinda ilk bor harbiy parad o'tkazildi. Tadbirni ochib bergan Prezident Si Zinpinning aytishicha, Xitoy qurolli kuchlari sonini 300 mingga kamaytirmoqchi.

Tiananmen maydonida o'tgan paradda 12 ming harbiy qatnashdi, Xitoyning eng zamonaviy qurollari olib o'tildi, ba'zilari ilk bor namoyish etildi.

Xitoy Ikkinchi jahon urushida militaristik Yaponiyaga qarshi jang qilgan. Unga bunda sovet qo'shinlari katta yordam bergan. Shu munosabat bilan paradda Rossiyadan kelgan qo'shinlar ham qatnashdi. Tadbirga taklif etilgan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun oliy martabali mehmonlar qatoridan joy oldi.

Urushda mag'lub bo'lgan Yaponiya BMT rahbarining Pekinga borganidan afsus bildirdi. Yaponiya hukumati bayonotida aytilishicha, bosh kotib betaraf bo'lishi kerak.

Prezident Sining aytishicha, islohotlardan so'ng qurolli kuchlar tarkibida ikki million harbiy qoladi. O'tmish xatolari takrorlanmaydi, dedi u.

“Xitoyliklar tinchliksevar xalq. Xitoy hech qachon gegemon bo'lishga, kengayishga intilmaydi", - dedi Si Zinpin paradni ochishdan oldin.

Qozog'iston, Janubiy Koreya, Rossiya va Xitoy rahbarlari paradni tomosha qilmoqda