Xitoyning Gonkong xavfsizligiga doir yangi qonuni kuchga kirmoqda

  • Amerika Ovozi

Xitoylik qonunchilar Gonkong xavfsizligiga doir qonunning yangilangan ko’rinishini ma’qulladi. Qonun 1-iyul kuni kuchga kirishi mumkin.

Tanqidchilar chora Pekinga oroldagi siyosiy va ijtimoiy jarayonlarni nazorat qilishga imkon berishini aytmoqda.

Gonkong ma’muri Kerri Lam hujjatni ma’qullagan, tashqi bosimdan foyda yo’q, deydi.

“Biz sanksiyalardan qo’rqmaymiz. Ularga tayyormiz. Kerak bo’lsa, javob beramiz. Gonkong ma’muriyati markaziy hukumat siyosatidan chiqmaydi”, - dedi Lam.

Qo’shma Shtatlar Gonkongni maxsus maqomdan ayirib, mudofaa va ikkilamchi maqsaddagi mahsulotlar eksportini to’xtatmoqda. Vashington harakatlari Gonkong xalqi emas, rejimiga qarshi qaratilgan, deydi AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo.

Milliy xavfsizlik haqidagi qonunda bo’lginchilikning har qanday ko’rinishi, qo’poruvchilik va terrorchilik faoliyati, tashqi kuchlar bilan til biriktirish jazolanadi. Hujjatning to’liq matni hozircha chop etilmagan. Tanqidchilar nazarida, Pekin bunday harakatlari bilan Gonkongda demokratiya asoslarini yemirmoqda, “bir davlat – ikki tizim” tamoyiliga qarshi ish tutmoqda.

Yangi qonun doirasida Gonkongda Xitoy maxsus kuchlari bo’limlari ochilishi kutilmoqda, shahar sud tizimi mustaqilligidan ayrilishi mumkin.

1842-yilda Britaniya mustamlakasiga aylangan hudud 1997-yili maxsus ma’muriy rayon sifatida Xitoyga topshirilgan edi. Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson xavfsizlik haqidagi qonunga munosabat bildirarkan, undan chuqur tashvishda ekanini aytdi.

Britaniya, Yevropa Ittifoqi, Yaponiya, AQSh va Tayvan hujjatni qoralamoqda. Britaniya Tashqi ishlar vaziri Dominik Raab masalani BMT Inson huquqlari kengashiga oshirilishini ma'lum qildi.

Xitoy tanqidchilarni ichki ishlariga aralashmaslikka chaqirmoqda.