Xitoy okeanda ham hukmron bo'lishga intilmoqda

  • Amerika Ovozi

Xitoyning ilk avianosetsi, 1998 yilda Ukrainadan sotib olingan "Varyag" sobiq Sovet kemasi. U avgust oyida Xitoying Dalian portida suvga tushirildi

Katta hududga ega Xitoy azaldan qishloq xo’jaligi, so’nggi yillarda esa sanoatni rivojlantirishga urg’u berib keladi. Endi esa iqtisodiy qudrati oshib borayotgan mamlakat e’tiborini okeanga qaratmoqda.

Shu yilning avgust oyida Pekin ilk avianosets, samolyotlar uchishi va qo’nishi uchun moslangan bahaybat harbiy kemasini ommaga taqdim etdi.

BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolari orasida Xitoy bunday texnikaga ega bo’lmagan yagona davlat edi. Ammo jahon hamjamiyati bu xabarni tashvish bilan qarshi oldi.

Tsyu Sin Xitoy hukumati qoshidagi Xalqaro tadqiqotlar instituti rahbari.

“Bilamiz”, - deydi u, - “Xitoy oshib borayotgan harbiy qudratidan qanday maqsadlarda foydalanmoqchi, degan savol qiynamoqda hammani. Hukumat bu masaladagi strategiyasini aniq-tiniq qilib dunyo jamoatchiligiga tushuntirishi kerak”.

AQSh Dengiz akademiyasi professori Mayls Yu nazarida, Pekin o’z niyat-rejalarini atayin oshkor etmaydi. Shubha va taxminlar uning qo’shnilarini qo’rquvga solayotgani tabiiy.

“Xitoy dunyoning yetakchi davlatiga aylanishi vaqti yetganiga ishonadi. Ular buni hech qachon inkor etmagan. XXI asr – Xitoy asri, degan gap tez-tez quloqqa chalinadi. O’zlari o’rganib ketgandir, lekin boshqalarda bu mavhum bayonot xavotir uyg’otadi”, - deydi amerikalik olim.

Asrlar davomida qudratli imperiya, maydaroq davlatlar e’tiborida bo’lgan Xitoyning mavqei XIX-asrga kelib o’zgardi: Britaniya, Germaniya, Yaponiya, Rossiya va AQSh kabi mamlakatlar Xitoy ta’sir doirasini asta-sekin qisqartira boshladi.

Bugunga kelib Xitoy o’sha tarixiy xatolikni tuzatish, u bilan hisoblashish kerakligini uqtirayotgandek ko’rinishi mumkin, deydi tahlilchi Yu.

Janubiy Xitoy dengizi bir necha mamlakat orasida talash. Xitoydan tashqari Bruney, Malayziya, Tayvan va Vyetnam o’zini bu yerdagi orollar tizimiga haqli deb biladi. Mojaro negizida esa – dengiz tubidagi ulkan neft va gaz zaxiralari.

Pekin rasmiylari boshqa davlatlar bilan masalani ko’p tomonlama asosda muhokama qilishdan bosh tortib keladi.

Professor Li Shingyu Xitoy jadal o’sayotgan bo’lsa-da, siyosiy va harbiy sohalarda hamon o’zini zaif sezayotgan bo’lishi mumkin, degan fikrni olg’a suradi.

“Ilgari Xitoyga hujum qilganlar dengizdan kelgan, shu sababli o’z xavfsizligini to’la ta’minlashni ustuvor masala qilib belgilagan”, - deydi olim.

Amerikalik professor Mayls Yu ta’biricha, bu mamlakat harbiy dengiz flotini yangilayotgani - mantiqiy bosqich.

“Yaqin tarixda ilk bor Xitoyning iqtisodiy va harbiy maqsadlari uyg’unlashgandek. Chunki ilgari u yo mafkurani targ’ib qilish, yoki Sovet Ittifoqi va AQSh bilan Afrika va Lotin Amerikasida bellashish bilan band edi”, - deydi tarixchi.

Shu yil boshida Liviyada namoyishlar avj olganida Tripolidagi 30 ming Xitoy fuqarosini olib chiqishda aynan harbiy kemalardan foydalanildi. Dengiz yo’llari va floti rivojlanayotgani mamlakat tashqi savdosi hajmining oshishiga ham xizmat qilmoqda.