Xitoy sudi ko’plab odamlarning o’limiga sabab bo’lgan qonli hujumda ishtirok etgani uchun yaqinda uch erkakni o’limga, bir ayolni esa umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. Mart oyida pichoq ko’targan bir necha shaxs mamlakat janubi-g'arbidagi Yunan viloyati Kunmin shahrida yo’lovchilarga hujum qilib, 30 odamni o’ldirgan, yana 140 kishini jarohatlagan edi.
Your browser doesn’t support HTML5
Ko’chalarda hanuz politsiyachilar ko’p. Ularni ayniqsa savdo markazlari va vokzallarda ko’rish mumkin.
Kunmin azaldan turli din, millat va madaniyat vakillariga boy shahar bo’lgan. So’nggi voqea, ayniqsa, musulmonlar hayotiga salbiy ta’sir ko’rsatgani aytilmoqda. Mahalliy musulmonlarning ta’kidlashicha, buning asoratlaridan qutilish uchun ko’p yillar kerak bo’ladi.
Yongnin masjidi Kunmindagi musulmonlarga qarashli olti ibodatxonadan biri. Pichoqbozlarga hukm o’qilgan kuni musulmonlar xavotiriga xavotir qo’shildi.
Kunminlik musulmonlardan biri bu haqda shunday deydi:
“Men musulmonman. Hujum qilganlar ham musulmon edi. Shuning uchun boshimdagi do’ppimni ko’rganlar meni ham Shinjondan ekan deb o’ylashadi”, - deya tashvishlanadi u.
So’nggi yillarda bir qator zo’ravonlik va hukumat zug’umlarini boshdan kechirgan Shinjon-uyg'ur muxtoriyatida musulmonlar asosan uyg’urlardir.
Kunminda esa aksariyat musulmonlar xitoylarning xuey elatiga mansub. Xueylar hukumat bilan ziddiyatli munosabatda emas, deydi Yongnin masjidi imomi Gui Junven.
“Odamlar orasida islomni terrorizm bilan bog’lovchilar bor. Ular xuey musulmonlarini ko’rganda ham shunday o’ylashadi. Biz sekin-asta ana shu qarashlarni yo’qotishga va o’zaro ishonch qurishga harakat qilyapmiz”, - deydi u.
Kunmin turli dindagilar ahil yashaydigan shahar sifatida tanilgan edi. Ammo bu nomga endi dog’ tushdi.
“Yunanda ko’plab musulmonlar bor. Ularning yashash tarzi va odatlari biznikidan, hatto nasorolarnikidan ham farq qiladi. Xuddi biz ikki xil dunyoda yashayotgandekmiz”, - deydi mahalliy fuqarolardan biri.
“Hujumlar ro’y berganda, shokka tushdim. Nega Xitoyda odamlar bir-birini o’ldirishni xohlaydi, shuni tushuna olmadim. Endi dam olish uchun biror joyga borsam, xavotir oladigan va qo’rqadigan bo’lib qoldim”, - deydi yana bir fuqaro.
Kunmindagi musulmonlarning aytishicha, shundan beri hatto taksi to’xtatish ham qiyin bo’lib qoldi. Hozir ham masjid yaqinida politsiya mashinasi turadi.
Ammo taksi haydovchisi Yan Changjiu kabi ayrim xitoyliklar musulmonlarga nisbatan qarashi o’zgarmaganini aytadi.
“Hujum qilganlar Shinjondan edi. Shuning uchun ayrimlar shinjonliklarni mashinasiga chiqarmaydi. Lekin nimadan qo’rqish kerak? Shinjonda yomon odamlar ham, yaxshi odamlar ham bor. Agar kimgadir taksi kerak bo’lsa, mashinamga o’tirsin”, - deydi u.
Lekin hamma ham bu haydovchi kabi fikrlamaydi. Shuning uchun musulmonlar o'z dini va unga ergashuvchilar haqida mavjud salbiy qarashlarni o’zgartirishga bel bog’lagan.