Pelosi Pekin Olimpiadasini boykot qilishga chaqirmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh Vakillar palatasining spikeri Nensi Pelosi hamda bir necha inson huquqlari tashkilotlari Xitoyni inson huquqlarini poymol etishda ayblarkan, 2022-yilda Pekinda bo’ladigan Qishki Olimpiya o’yinlarini boykot qilishga chaqirmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 20-may, 2021-yil

Amerikalik qonunchilar musobaqani boykot qilishni yoki boshqa mamlakatga ko’chirishni taklif etmoqda. AQSh Davlat departamenti Xitoyning uyg’urlarga munosabatini qatliom deb atagan. Kongress a’zolari Amerika korporatsiyalarini bu masalada sukut saqlayotganlikda ayblamoqda.

Pekin Olimpiadasi 2022-yil fevraliga rejalangan.

"Dunyoning yetakchi mamlakatlari rahbarlari Olimpiya o’yinlariga bormasin deymiz. Xitoyda qatliom sodir etilayotgan bir paytda Xitoyga borib, tadbirlarda qatnashish to’g’rimi? Shundan keyin bu odamlarda dunyoning boshqa chekkalaridagi inson huquqlari muammolari haqida gapirishga ma’naviy huquq qolmaydi”, - dedi Pelosi.

BMTning mustaqil komissiyasi 2018-yilda hisobot tayyorlab, Xitoyda bir millionga yaqin uyg’ur va boshqa musulmon xalqlar Shinjondagi lagerlarda saqlanayotganini xulosa qilgan.

"Yozgi Olimpiadani pandemiya tufayli bir yilga qoldirish mumkin ekan, nega endi Qishki Olimpiada genotsid tufayli bir yilga qoldirilmasin? Bu vaqt ichida Xalqaro Olimpiya qo’mitasi musobaqani qatliomga qo’l urmaydigan mamlakatga ko’chirardi”, – dedi Vakillar palatasining demokrat a’zosi Jim Makgovern.

AQSh Olimpiya va Paralimpiya qo’mitasi rahbari Sara Xershlandning Kongressdagi tinglovda aytishicha, qo’mita uyg’ur aholiga qarshi zug’umdan xavotirda, biroq amerikalik sportchilarni musobaqada qatnashish huquqidan mahrum qilish bilan muammo hal bo’lmaydi.

"O’tmishdagi olimpiya boykotlari siyosiy maqsadlarga erishishda ojizlik qilgan”, dedi Xershland.

Xitoy hukumati Olimpiadani boykot qilish da’vatlarini keskin tanqid qilmoqda.

Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Jao Lijianning aytishicha, Xitoy AQShdagi ayrim odamlarning siyosiy va mafkuraviy qarashlari tufayli Xitoyga loy chaplash harakatlarini qoralaydi. Xitoy rasmiysi Amerikani irqchilik siyosatini hali ham davom ettirayotganlikda aybladi.

"Ayrim odamlar mehmonlarning Olimpiya o’yinlariga borishidan qo’rqyapti. Nega? Chunki asl manzaraga, haqiqatga guvoh bo’lishlarini xohlashmaydi. Inson huquqlari mavzusi bahonasida Xitoy taraqqiyotini to’xtatishmoqchi”, - dedi rasmiy.