Pokiston va Xitoy ko’pdan beri hamkor davlatlar. Pekinning “Kamar va yo’l tashabbusi” doirasida 10 yil oldin Xitoy-Pokiston iqtisodiy koridori ishga tushgan.
Your browser doesn’t support HTML5
60 milliard dollardan oshiq pul sarflangan loyiha Pokistonni muhim infratuzilma bilan ta’minladi, ammo mamlakat qarzining oshishiga ham olib keldi.
Xitoy loyihaga 25 milliard dollar sarmoya qilgani aytiladi. Koridor Xitoy kompaniyalariga yangi bozorga kirish imkonini berdi.
“10 yil oldin Pokiston terrorizm balosiga yuz tutgan edi, notinchlik hukm surgan. Pokistonga sarmoya qiladigan joy sifatida qarashmasdi. Ammo Xitoy o’sha paytda Pokistonga ishonch bildirdi”, - deydi Pokiston-Xitoy institutidan Mustafo Haydar Said.
Pokiston hukumatiga ko’ra, Xitoy-Pokiston iqtisodiy koridori qurilishi ketidan 200 ming odam ish bilan ta’minlandi, 1400 kilometrlik yo’llar qurildi, Pokiston elektr tarmog’i 8000 megavattga kuchaydi.
So’nggi bir yarim yilda Pokistonning Gvadar porti orqali 600 ming tonna yuk o’tdi.
Biroq tanqidchilar loyiha Pokiston tashqi qarzini oshirganiga ishora qiladi. Shuning uchdan birini Islomobod Xitoyga to’lab berishi kerak.
“Infratuzilma arzonga tushmadi. Pokiston Xitoyga qarzini to’lashda davom etmoqda. Bu esa mamlakat byudjetini qiyin ahvolga solib qo’ymoqda”, - deydi pokistonlik iqtisodchi Ammar Habib Xon.
Biroq Xon kabi aksariyat tahlilchilar qarzning ko’pligida Xitoyni ayblamaydi. Ular Pokistonda resurslarning noto’g’ri boshqarilishini muammo deb biladi.
Pekin AQShning “Xitoy sarmoya bahonasida mamlakatlarni qarz tuzog’iga ilintirayotgani” haqidagi da’vosini inkor etib keladi.
“Xitoy katta pul bilan kelib, mezbon mamlakatni zaiflashtirishi va shu tariqa siyosiy ta’sirini o’tkazishi haqidagi gaplar asossizdir”, - deydi Said.
Pokiston taraqqiyotni qarzdan ustun qo’ydi, deydi iqtisodchi Xon.
“Pokiston elektrostansiya qurishni kuniga 12-15 soat elektr quvvatisiz o’tirishdan afzal ko’rdi. Xitoy-Pokiston iqtisodiy koridori Pokiston sanoatini rivojlantirish uchun muhim infratuzilma bilan ta’minladi. G’arb mamlakatlari esa uzoq yil bunday imkoniyat yarata olmadi”, - deydi mutaxassis.
2021-yilda o’tkazilgan mustaqil izlanish natijasiga ko’ra, Xitoy Pokistonga AQShga qaraganda sakkiz baravar ko’p sarmoya qiladi. Xitoy kreditlari transport infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan bo’lsa, AQSh pulni davlat boshqaruvi va ijtimoiy infratuzilmaga ajratadi.