Xitoy moliyasi va qurilish kompaniyalari yordamida Pokistonning Arab dengizidagi strategik Gvadar bandargohi dunyodagi eng yirik tranzit va kargo markaziga aylanishi kutilmoqda. Loyiha ishga tushsa, har ikki davlatga ko'p milliard dollarlik foyda keltirishi aniq.
Gvadar porti neftga boy va tijoriy jihatdan muhim Yaqin Sharq, Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo tutashgan joyda joylashgan.
Biroq bu Xitoy-Pokiston iqtisodiy korridorining bir qismi, xolos. Ikki ittifoqchi mamlakat 15-yillik loyihani 2015-yilda boshlagan - ayni damda Pokistonda trassalar, temir yo'llar, elektr stansiyalari, aloqa va sanoat zonalari qurilmoqda. Xitoy 46 milliard dollar sarmoya qilishi kutilmoqda.
Loyihadan maqsad Xitoyning g'arbiy hududlarini Pokiston orqali dengizga ulab, mahsulotlarini qisqa va qulay yo'l bilan jahon bozoriga olib chiqish.
Ayrim pokistonliklar xitoylik ishchilar, muhandislar va kompaniyalar mamlakatni bosib ketishidan xavotirda. Ammo bandargoh raisi xavotirlar o'rinsiz, deydi.
Doston Xon Jamoliddinning aytishicha, Gvadardagi qurilish va boshqa loyihalarda ishchilarning 65 foizi pokistonliklar bo'ladi, xitoylik mutaxassislar soni 300 dan sal ko'proq.
"Mana bu binoning qurilishi ketyapti hozir. Xitoy texnologiyalari yordamida. Mana shunday katta imoratni o'z kuchimiz bilan 2-3 oyda qura olmaymiz. Shu loyiha orqali texnologiyani qo'lga kiritamiz va asta-sekin xitoyliklar soni kamayib boradi", - deydi u.
Xitoy o'z yoqilg'isi va savdo yuklarini Shinjondan Qoraqorum trassasi orqali Pokistonga yetkazadi. Keyingi besh yil ichida Gvadar porti Janubiy Osiyodagi eng yirik transport markaziga aylanadi - bir yilda 13 million tonnagacha yuk bandargoh orqali o'tadi, 2030-yilga borib esa 400 million tonnagacha.
Xavfsizlik bilan bog'liq xavotirlar hamda Hindistonning ayrim hududlarga da'vosi Gvadar porti va, umuman, Xitoy-Pokiston iqtisodiy korridorini ishga tushirishda muammo tug'dirishi kutilmoqda.
Port atrofida yashovchi aholining bir qismi baliqchi va kemasoz bo'lib, loyiha bahonasida ishlari yurishishiga umid qilmoqda. Bundan tashqari, hudud elektr quvvati va ichimlik suvi bilan ham ta'minlanadi.