AQSh Afg’onistondan chiqishi ketidan ayrimlar nazarida, Xitoy va Pokiston bu mamlakatda faolligini oshiradi. G’arb Tolibon hukumatiga moliyaviy yordam bermasligi mumkin, biroq bu ikki mamlakat sarmoya kiritishga tayyor.
Your browser doesn’t support HTML5
Afg’onlar bor-butini sotib, kimdir mamlakatdan chiqib ketishga intilmoqda, kimdir esa shunchaki kunini amallab o’tkazishga harakat qilyapti.
“Gumanitar yordam bilan afg’on iqtisodiyotini tiklab bo’lmaydi. Iqtisodiyot jar yoqasida turibdi, naqd pul yetishmayapti”, - dedi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish.
Hafta boshida bir necha mamlakat Afg’oniston taraqqiyoti va gumanitar ehtiyojlari uchun 1,2 milliard dollardan ko’p pul va’da qildi. Tolibon hukumatida muvaqqat tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy Afg’onistonning aksariyati AQShda muzlatilgan 10 milliard dollarga teng xorijiy valyutasini qaytarishni so’radi.
"AQSh buyuk davlat, yurakni tor qilmaslik kerak. Afg’oniston qashshoq mamlakat, uni ezmaslik kerak. Xalqaro hamjamiyat bilan ijobiy munosabatda bo’lishni istaymiz va afg’on xalqiga qo’shimcha bosim qo’yishni bas qilishni so’raymiz”, - dedi u.
AQSh va G’arb muzlatilgan pulni qaytarishdan oldin Tolibon inson huquqlari, jumladan ayollar va qizlar huquqlarini himoya qilishi lozim, deydi. Biroq Xitoy va Pokiston hech bir shartsiz Tolibonga oziq-ovqat va dori-darmon yuborib, ularning vakillari bilan gaplashmoqda.
“Pokiston so’nggi 30 yildan beri Tolibon va rahbariyatidagi odamlar bilan apoq-chapoq”, - deydi AQShdagi Tashqi siyosatni o’rganish institutidan Maksimilian Xess.
AQSh Davlat departamenti Pokistonni Tolibonni nazoratga olishga chaqirmoqda.
"Pokiston va mintaqadagi boshqa mamlakatlar Afg’oniston xalqini qo’llab-quvvatlash haqidagi bayonotlari va va’dalarini qanchalik bajarayotganini kuzatib boramiz”, - deydi davlat kotibi so’zlovchisi Ned Prays.
Tahlilchilar nazarida, Pokiston Hindistonni nazarda tutgan holda Tolibonni qo’llab-quvvatlamoqda.
“Pokiston Hindistondan tashvishda, axir Hindiston uning birinchi darajali dushmani. Islomobod Kobulda Hindistonga emas, o’ziga do’stona hukumat bo’lishini istaydi”, - deydi Vashingtondagi Tashqi aloqalar kengashi eksperti Manjari Chatterji Miller.
Boshqa bir tahlilchi fikricha, Xitoy Afg’onistonga uzoq muddatli sarmoyalar qilishga tayyor.
“Xitoy o’zining Markaziy Osiyodagi “Kamar va yo’l” dasturining qolipini Afg’onistonda ham qo’llamoqchi. Yo’llar va infratuzilma qurilishlariga grantlar ajratishdan boshlaydi. Buni hozircha e’lon qilishgani yo’q”, - deydi Xess.
Miller nazarida, Afg’onistonga sarmoya qilish xavflidir.
“Xitoy Afg’onistonni qo’llashga kelganda ehtiyotkorona siyosat yuritmoqda. Kobuldagi hukumat barqarorligiga ko’zi yetmasa va Tolibon qo’llayotgan jihodchi guruhlarning Xitoyga kirmasligiga kafolat olmasa, pulni qora tuynukka ko’mish niyati yo’q”, - deydi u.
Qatar ham Afg’onistonga katta miqdorda dori va oziq-ovqat yetkazyapti, Kobul aeroportini qayta ishga tushirishga harakat qilyapti.