Xitoy hukumati 30 yil oldin Pekinning Tiananmen maydonida namoyishchilarga qarshi kuch ishlatilganini himoya qilib chiqdi. Mudofaa vaziri Vey Fanxe Singapurdagi yillik xavfsizlik anjumanida bu mavzuga to’xtaldi.
“30 yil o’tib ham Tiananmendagi voqealar ba’zilarni tashvishga solmoqda. So’nggi 30 yilda Kommunistik partiya rahbarligida Xitoy katta o’zgarishlarni boshdan kechirdi. Hukumat o’shanda to’g’ri ish tutganmi? Voqeaga atroflicha baho berilgan. O’sha paytdagi siyosiy beqarorlikka barham berish kerak edi va hukumat dadil harakat qilgan. Uning siyosati to’g’ri bo’lgan”, - dedi vazir.
1989-yilda talabalar va ishchilar demokratik o’zgarishlar va korrupsiyaga chek qo’yish talabi bilan yetti hafta davomida namoyish qilgan. 4-iyun kuni hukumat namoyishchilarga qarshi askarlar va tanklarni tashladi. Natijada, ayrim hisoblarga ko’ra, mingdan ziyod odam nobud bo’lgan.
Veyning aytishicha, agar hukumat o’shanda chora ko’rmaganida bugungi barqarorlik va taraqqiyotga erisholmagan bo’lardi.
Xitoyda bu mavzuni ko’tarish, uni muhokama qilish taqiqlanadi. Ijtimoiy sahifalar va veb-saytlar qattiq nazorat qilinib, mavzuga doir maqolalar, izohlar va suratlar tozalanadi.