Xitoy shimoli-sharqidagi kuchli portlash shaharni larzaga soldi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Xitoy rasmiylari shu hafta yirik port shahardagi omborda ro'y bergan portlashlar sababini tergov qilayapti. Halokat ro'y bergan joyda xavfli kimyoviy moddalar qolayotgani haqida xabarlar bor.

Tyanszin shahridagi bu sanoatlashgan mahallada bugun ham u yer, bu yerda yong'inni ko'rish mumkin.

Rasmiylarning aytishicha, o'lganlar soni 56 kishidan oshishi mumkin. Orasida 21 nafar o't o'chiruvchi ham bor.

700 dan oshiq fuqaro kasalxonada bo'lsa, 33 nafarining ahvoli juda og'ir. Qancha odam bedarak ketgani hali noma'lum, bu esa talafotlar soni ortishi mumkin, degani.

Yadro va biokimyo bo'yicha yuzlab mutaxassislar, jumladan, BMT Atom energiyasi agentligi xodimlari hozir halokat zonasida ishlayapti. Omborda qanday xavfli kimyoviy moddalar qolayotgani hali noma'lum.

Mutaxassislar ichimlik suvining sifatini ham tekshirishga kirishgan. Portlash yaqinidagi daryolarda yuqori darajada o'ta zaharli moddalar aniqlangan.

Eslatamiz, chorshanba kuni kechki 11 yarimda birinchi portlash, oradan bir necha soniya o'tib yanada kuchli portlash ro'y bergan edi.

Portlash sabablari hali ma’lum emas, ammo voqea yuz bergan hudud urush zonasini eslatadi.

Natijada uchgan turli buyum qoldiqlari yaqin atrofdagi bino va jihozlarga ham katta shikast yetkazgan. Bir necha kilometr uzoqlikdagi derazalar sinib tushgan, ko’plab imoratlar yaroqsiz holga kelgan.

Bu yerda ishlaydigan bir migrant ishchi kompyuterini ko’tarib qochishga muvaffaq bo’ldi.

“Biz ishchilarmiz. Xo’jayinimiz nima deyishini kutamiz. Agar qiladigan ish bo’lmasa, o’zimning shahrimga qaytsam kerak”, - deydi u.

Hanuz o’ziga kela olmayotganlar bor. Yuk mashinasi haydovchisi Jan buzilgan mashinasi bilan zo’rg’a qochib qutilganini aytadi.

“Elas-elas eslayman. Hamma qochganda, men ham boshqalarga ergashdim. O’ylab o’tirmasdan bir tomonga yugurdik, keyin ortimizga qaytdik”, - deydi u.

Hududdan hozir ham tutun ko’tarilmoqda. Portlash yuz bergan joy yaqinida xavfli kimyoviy moddalar saqlangani yuzasidan xavotirlar bor. Aholi nima bo’lganini bilolmay hanuz karaxt turgan bir paytda o’lganlar soni oshishi kutilyapti.