40 dan ortiq davlat Xitoyni BMT rasmiysini Shinjonga kiritishni so'ramoqda

  • Amerika Ovozi

Dunyoning 40 dan ziyod mamlakati BMT Inson huquqlari kengashida bayonot qabul qilib, Xitoyni Shinjonda milliondan ziyod uyg’ur va ozchilikdagi boshqa elatlar vakillarining hibsxonalarda saqlanayotgani, qiynoqlarga solinayotgani yoki majburiy mehnatga jalb etilayotgani haqidagi da’volarni tekshirish uchun BMTning inson huquqlari bo’yicha Oliy komissari Mishel Basheletga mintaqaga kirishga ruxsat berishga chaqirdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 22-iyun, 2021-yil

Qo’shma bayonotni Kanada, Avstraliya, Britaniya, Fransiya, Germaniya, Yaponiya, AQSh kabi mamlakatlar imzolagan.

Pekin uyg’urlar va boshqalarni ixtiyoriga qarshi lagerlarda majburan saqlayotgani haqidagi ayblovlarni inkor etarkan, bu muassasalarni diniy ekstremizmga qarshi kurashni maqsad qilgan kasb-hunar markazlari deb ataydi.

"Ishonchga sazovor hisobotlardan shunisi ma’lumki, Shinjonda bir milliondan ziyod odam hibsxonalarda saqlanmoqda, uyg’urlar va boshqa elatlar yoppasiga kuzatilmoqda, asosiy erkinliklardan ayrilgan, uyg’ur madaniyatiga cheklovlar qo’yilgan”, - deydi Kanadaning BMTdagi elchisi Lesli Norton.

Hafta boshida Mishel Bashelet joriy yilda Xitoyda bo’lib, Shinjonga ham o’tish rejasi borligini ma’lum qidi. Uning idorasi bu haqda Xitoy hukumati bilan 2018-yil sentabridan beri kelishishga harakat qilmoqda.

Kanada tashabbusi bilan qabul qilingan bayonotda, shuningdek, uyg’ur ayollari sterilizatsiyaga majburlanayotgani, farzandlarni oilalardan olib qo’yishayotgani ham tilga olinadi.