Qator masalalarda o'zgacha qarashlarga ega Xitoy va Qo'shma Shtatlar barqarorlikni ta'minlash muhimligida hamfikr. Yaqin kunlarda ikki davlat rasmiylari muloqot rejalagan. Birinchisi bugun Pekinda boshlanmoqda. Inson huquqlari muhokamada bo'ladi. Kelasi oy esa Vashingtonda strategik va iqtisodiy mavzular ko'riladi.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so'zlovchisi Xon Lining aytishicha, inson huquqlari bo'yicha majlis ikki kun davom etadi.
"AQSh va Xitoyda bu boradagi yutuqlar hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan mavzu bo'yicha hamkorlik muhokama qilinadi", - deydi rasmiy.
Biroq, deydi Li, inson huquqlari Xitoy ichki ishlariga aralashishga bahona bo'lmasligi kerak.
"Inson huquqlari bobida Xitoy va AQSh siyosati bir bo'lmasligi mumkin, ammo muloqot orqali, o'zaro hurmat va tenglikka asoslanib ishlasa bo'ladi", - deydi Xitoy vakili.
Davlat departamentiga ko'ra, Xitoyda hukumat siyosatiga norozilik bildirgan odamlarning yo'qolish hollari, tergov izyolatorida keragidan ortiqcha ushlab turish, qamashlar xavotirga molik. Qonun ustuvorligi, so'z va din erkinligi, mehnat va ozchilik huquqlari bilan bog'liq muammolar ham shular jumlasidan.
Yaqinda kimdir internet orqali Pekinda Yaqin Sharqdagi kabi norozilik namoyishlari bo'ladi deya e'lon va da'vat qilgach, maydonga chiqqan huquq faollari va advokatlar hibsga olingan edi.
Pekinda ro'yxatdan o'tmagan cherkovning yuzlab qavmlari uy qamog'ida saqlanib, guruhga tashqarida ibodat qilishning man etilishi ham AQSh xavotiriga molik hol.
AQShning Xitoydagi elchisi Jon Xantsmen o'z vakolatini topshirar ekan, ikki davlat inson huquqlari bobida muntazam ravishda muloqotda bo'lishi kerak, deydi.
"Ba'zi bir masalalarda chiqishmay qolsak, hurmat bilan, ochiqchasiga gaplashish lozim. Har bir darajada - xoh yuqori, xoh past bo'lsin - muloqotni susaytirmaslik kerak", - deydi muddati tugayotgan elchi.
Kelasi oy Vashintonga Xitoy tashqi ishlar va moliya vazirlari safar qilib, iqtisodiy mavzularni ham ko'taradi.
Pekindagi Amerika Savdo palatasiga ko'ra, Xitoyda ish qilayotgan Amerika kompaniyalari qog'ozbozlik, korrupsiya va proteksionizmdan ziyon ko'radi. Palata hukumatdan mahalliy kompaniyalar foydasiga ish ko'rish amaliyotiga chek qo'yishni so'ragan. Shunga qaramay Amerika kompaniyalari faoliyati daromaddan xoli emas.
Savdo palatasi amerikalik ishbilarmonlar orasida so'rov o'tkazgan. 26 foiziga ko'ra, Xitoy siyosati natijasida bank, telekommunikatsiya, sug'urta sohalariga deyarli kirib bo'lmaydi.
Palata prezidenti Kristian Murkning aytishicha, Xitoy bozorlarini isloh qilish jarayoni so'nggi yillarda sustlashgan.
"So'rovda qantashgan amerikalik tadbirkorlar Xitoyda biznes qilishdagi muammolar haqida fikr bildirgan. Bular, asosan, byurokratiya, kadrlarning yetishmasligi, qonun va qoidalarning mavhumligi, ularning turlicha talqin etilishi hamda intellektual mulk huquqlarining muntazam buzilishi", - deydi palata rahbari.
Jahon Savdo Tashkilotiga a'zo Xitoyda bu kabi muammolarning mavjudligi uning bu idora oldidagi majburiyatlarini sidqidildan ado etishini shubha ostiga qo'ymoqda, deydi Murk. Tashkilot talablariga ko'ra, a'zo davlatlar erkin va ochiq bozorni rivojlantirishi kerak.
Ammo, deydi Murk, so'rovda qatnashganlar ijobiy tomonlarga ham e'tibor qaratgan.
"So'ralganlarning 85 foizi 2010-yilda daromad ko'rganini ma'lum qildi. 78 foizi ko'p foyda qilganini. 63 foizi o'tgan yilga qaraganda ancha ahvoli yaxshilanganini bildirdi. 41 foizi esa Xitoyda dunyoning boshqa davlatlariga qaraganda ko'proq daromad ko'rganini aytdi", - deydi Murk.
Uning aytishicha, Xitoyning shu yil fevralida e'lon qilingan besh yillik rejasida bozor iqtisodiyotini rivojlantirish ko'zda tutilgan.