Xitoy Lotin Amerikasida "yumshoq kuch"ni ishga solyapti

  • Amerika Ovozi

Filippinda Xitoy vaksinasi

Xitoy Lotin Amerikasidagi davlatlarni koronavirusga qarshi vaksinalari bilan ta’minlamoqda. Pandemiyadan qattiq zarar ko’rgan Boliviya uchun bu jiddiy yordam bo’ldi. Xitoy 53 mamlakatga arzon narxda vaksina yuborishini bildirmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 19-mart, 2021-yil

AQSh Prezidenti Jo Bayden barcha amerikaliklar emlanib bo’lganidan keyingina Amerikada ishlangan vaksinalar xorijga eksport qilinishini aytgan edi.

Ba’zilar Qo’shma Shtatlarning bunday siyosatini tanqid qilarkan, AQShda tasdiqdan o’tmagan va omborxonalarda chang to’playotgan “AstraZeneka” vaksinalarining qo’shni davlatlarga nega berilmayotganiga hayron. Qator tanqidlar ketidan Oq uy “AstraZeneka” dozalarini Kanada va Meksika bilan baham ko’rishga qaror qildi.

“AstraZeneka” vaksinasining 7 million dozasini chetga chiqarishimiz mumkin. Shundan 2,5 million dozasini Meksikaga, 1,5 million dozasini Kanadaga yuborishni rejalayapmiz”, - dedi Oq uy matbuot kotibasi Jen Psaki.

Mutaxassislarning aytishicha, Xitoy vaksinalari va tibbiy anjomlari bilan dunyo bo’ylab o’rtoqlashishi ketidan uning diplomatik nufuzi oshdi, Meksika, Braziliya, ko’plab boshqa rivojlanayotgan mamlakatlarga “yumshoq kuchi”ni o’tkazish salohiyatiga ega bo’ldi.

“Xitoy pandemiyani o’z chegaralari doirasida AQSh va G’arbdagi boshqa demokratik mamlakatlarga qaraganda ancha samaraliroq jilovlashga muvaffaq bo’ldi. Natijada Xitoyning o’zida vaksinaga talab unchalik katta emas, vaksinalarni xorijga yuborish imkoni bor”, - deydi Vashingtondagi “Amerika taraqqiyoti markazi”dan Trevor Satton.

Biroq shu hafta Osiyoga safar qilgan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenning ogohlantirishicha, Xitoy tibbiy diplomatiyasi orqali o’z manfaatlarini ko’zlamoqda.

“Xitoy bu ishni ko’ngli ochiq bo’lgani uchun qilayotgani yo’q. Shu yo’l bilan “Xuavey” telekommunikatsiya kompaniyasi uchun Lotin Amerikasidagi auksionlarga kirib olmoqchi, Tayvanni mintaqadan uzoqroq tutmoqchi”, - deydi “Vilson markazi” eksperti Benjamin Gidan.

Baydenning aytishicha, Amerikada balog’at yoshiga yetgan barcha odamlar 1-maygacha emlanish uchun ro’yxatdan o’tish imkoniga ega bo’lishi kerak. Shunda 4-iyul Mustaqillik kuni tantanalarida ular kichik guruhlarda to’planishiga sharoit bo’ladi. Amerikaliklar emlanib bo’lganidan so’ng Qo’shma Shtatlar dunyoda vaksinaning yetakchi eksportchisiga aylanishi mumkin.