Xitoy rasmiylariga ko'ra, mamlakatda salkam 2000 kishi yangi koronavirusga chalingan, 56 odam undan o'lgan.
Davlat sog'liqni saqlash komissiyasi vaziri Ma Syaoveyning aytishicha, virus haqida ma'lumot kam, uning inkubatsiya davri bir kundan 14 kungacha bo'lib, shu davr mobaynida uni yuqtirish ayniqsa oson.
25-yanvar kuni Xitoyda 688 odamning virusga chalingani aniqlandi. AQShda esa hozircha faqat uch odam kasallangan, shulardan biri virus tarqalgan shahar Uxanga borgani ma'lum.
Xitoy Prezidenti Si Zinpinning aytishicha, bemorlar davolanayotgan kasalxonalarga qo'shimcha resurslar ajratiladi.
Virus Xubey viloyatining Uxan shahrida o’tgan yil dekabr oyi oxirida ilk bor aniqlangan. Epidemiologik tadqiqotlardan shunisi ma'lumki, birinchi bemor dengiz mahsulotlari bozorida bo'lgan va o'sha yerda noqonuniy ravishda yovvoyi hayvonlar ham sotilgan. Virus odamlar orasida havodan, masalan, oddiy yo’tal yoki aksirish orqali tarqalmoqda.
Xitoy hukumati mamlakat bo'ylab yovvoyi hayvonlar savdosini va ularni tashishni vaqtincha man qilib qo'ydi. Uxan va yana bir necha o'n shaharda karantin e'lon qilingan - millionlab odam yashaydigan shaharlarga kirish va chiqish taqiqlangan. Aholi oziq-ovqat tanqisligi vujudga kelishidan xavotir olmoqda.
Virus tarqalishining oldini olish maqsadida sayyohlik maskanlari, maktablar yopilgan, jamoat transporti qatnovi keskin cheklangan.
Qo'shma Shtatlar Uxandan diplomatlari va fuqarolarini evakuatsiya qilishni rejalamoqda. Fransiya va Rossiya ham shunga tayyorgarlik ko'rmoqda.
Koronavirus Avstraliya, Kanada, Fransiya, Gonkong, Yaponiya, Makao, Malayziya, Nepal, Portugaliya, Singapur, Janubiy Koreya, Tayvan, Tailand, AQSh va Vyetnamda ham aniqlangan.
Unga chalingan odam o'limdan tashqari pnevmoniya, bronxit, buyrak yetishmovchiligi bilan kasallanishi mumkin.