Xitoy hukumati 20 kishi, jumladan 7 politsiyachini hayotdan olib ketgan zo’ravonliklarda bo’lginchi kuchlarni ayblamoqda.
Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Xong Ley Qashg’ar yaqinidagi Yechen tumanida fuqarolarga hujum uyushtirgan terrorchilar, deydi.
“Lekin xalqaro matbuot bu voqeani bo’rttirib ko’rsatmasligi kerak. Shinjonda ahvol, umuman olganda, tinch. Hudud osoyishtaligi va barqarorligini izdan chiqarishga yo’l qo’ymaymiz”, - deydi rasmiy.
Yechen (uyg’urlar bu yerni Kargilik deb ataydi) Kashmir mintaqasiga yaqin. Sinxua davlat axborot agentligining xabar berishicha, “terrorchilar” gavjum bir ko’chada pichoq bilan odamlarga hujum qilib, 13 nafarini o’ldirgan. (Uyg'ur tilida qo'shimcha xabar va ma'lumotlar - "Erkin Osiyo" radiosida).
Politsiya ulardan yetti nafarini otib o’ldirgan va ikkisini hibsga olgan. Ammo voqeani mustaqil manbalar orqali tasdiqlashning imkoni yo’q.
Rasmiylar politsiya o’qidan o’lgan shaxslar, shuningdek, hibsdagilar kim ekani haqida ma’lumot bermaydi.
Jahon Uyg’urlari Kongressi so’zlovchisi Dilshod Rashidning tushuntirishicha, Yechendagi voqealar aholiga bo’lgan sistematik repressiyalar mahsuli.
“Hukumat tinch namoyish qilishga, mavjud muammolarni ochiq muhokama qilishga yo’l bermaydi”, - deydi u.