Xitoy orbital stansiyasi yaqin kunlarda Yerga qulaydi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Xitoyning 2011-yilda uchirilgan va hozirda ishdan chiqqan fazoviy apparati shu oy oxirida Yerga qulab tushishi kutilmoqda. Bu so'nggi 10 yillikda atmosferaga kiradigan eng yirik jism bo'ladi.

Yevropa Fazo boshqarmasi olimi Holger Kregning taxmin qilishicha, Xitoyning "Tyangun-1" orbital stansiyasi 30-mart va 3-aprel oralig'ida Yerga tushadi.

Sayyoramizning aynan qaysi nuqtasiga tushishini aytish qiyin, lekin birovga shikast yetishi ehtimoli juda past.

"Tajribadan bilamizki, bunday katta qurilmalar atmosferaga kirayotganda yonib ketadi, 20-40 foizi Yergacha yetib kelishi mumkin. Bu qoldiqlar birovga ziyon yetkazadi, deb o'ylamayman. Buning ehtimoli birovni bir yilda ikki marta chaqmoq urishi bilan teng", - deydi olim.

Xitoy 2011-yilda uchirgan laboratoriya xizmatini o'tab bo'lgan. Ammo uni tartibli tarzda Yerga qaytarishning imkoni yo'q, chunki aloqa uzilgan.

Olimlarning aytishicha, apparat trayektoriyasini taxmin qilish qiyin. U soatiga 28 ming kilometr tezlikda uchib, har 1,5 soatda Yerni aylanib chiqmoqda.

"Tyangun-1" Xitoyning birinchi kosmik laboratoriyasi bo'lib, fazoda bir qancha eksperimentlar o'tkazish uchun ishlatilgan. Mamlakat 2023-yilgacha orbitaga doimiy stansiya uchirmoqchi.