Din

Rojdestvo ayyomida Rim papasi dunyo ahlini adovatni unutishga undadi

  • Amerika Ovozi

Bugun xristian dunyosi Rojdestvo ayyomini nishonlamoqda. Rim papasi Fransisk shu munosabat bilan jahon ahlini tinchlik va osudalikka, adovatni unutishga da'vat etdi.

O'tayotgan yil, jumladan, "Islomiy davlat" guruhi sodir etgan jinoyatlar, Yaqin Sharqni tark etgan millionlab qochqinlar, Afrikadagi urushlar, Yevropa va AQShda ro'y bergan terror xurujlari hamda misli ko'rilmagan migratsion jarayonlar bilan yodda qoladi.

Rim papasi Isroil va Falastin o'rtasida tinchlik muzokaralari qayta boshlansin, Suriyada urushni tugatish uchun BMT boshlayotgan tashabbus ish bersin deb, duo qilmoqda.

Liviya, Iroq, Yaman va Afrikadagi xunrezliklarga ham nuqta qo'yish kerak, deydi pontifik.

Vatikanda o'n minglab ziyoratchilar oldida so'zlagan Fransisk Misr, Livan, Fransiya, Mali va Tunisda terror xurujlarida o'lgan insonlarni ham yodga oldi.

AQShning bir necha shtatlarida aholi Rojdestvoni hukumat tashkil etgan boshpanalarda kutib oldi. So'nggi uch kunda ro'y bergan to'fonlar 14 kishini hayotdan olib ketgan, yuzlab oilalar uy-joysiz qoldi.

Misissippi shtatida favqulodda holat e'lon qilingan. Michiganda uylar va binolar vayron bo'lgan. Tenessi va Arkanzas shtatlarida ham tabiiy ofatdan o'lganlar bor.