Janubiy Karolina shtatidagi cherkovda 9 kishi otib o'ldirildi

  • Amerika Ovozi

Charlston: Ibodat paytida qotillik

17-iyun kuni kechqurun Janubiy Karolina shtatining Charlston shahrida qora tanlilarning tarixiy cherkovida qurollangan shaxs 9 kishini otib o'ldirgan.

Jinoyatni sodir etganlik gumoni bilan 21 yoshli Dilan Ruf hibsga olingan.

Shahar politsiyasi rahbari Greg Myullenning jurnalistlarga aytishicha, Ruf shaharning Emanuel afrikaliklar metodist cherkoviga ibodat paytida kirib, odamlarga qarata o't ochgan.

Cherkovning o'zida 8 kishi halok bo'lgan, yana bir kishi kasalxonaga olib ketilayotganida o'lgan.

O'lganlar orasida Janubiy Karolina shtati mahalliy senatori Klementa Pinki ham bor. Yana ko'plab odamlar yaralangan.

Qotillik nafratga asoslangan jinoyat sifatida talqin qilinmoqda. Tergov-qidiruv ishlariga federal agentlik xodimlari ham aralashgan.

Cherkovga bomba o'rnatilgani haqida ham tahdidlar bo'lgan. Hudud aholisi evakuatsiya qilingan, keyinroq bomba xavfi yo'qligi ma'lum bo'lgan.

Shahar meri hodisani dahshatli va yurakni larzaga soluvchi fojea deya atadi.

Prezident Barak Obama qotillikni qo'rqoqlik va noinsoniy harakat deb atab, o'lganlarning oilalariga hamdardlik bildirdi. Yurtni esa prezident sabr-toqatli bo'lishga, irqchilikka qarshi kurashga va qurolga egalik masalasini qayta ko'rib chiqishga chaqirdi. Xavfsiz yashash, fuqarolar orasida ishonchni mustahkamlash va yosh avlodni to'g'ri tarbiyalashga ko'proq e'tibor qaratish kerak, deydi Obama.

21 yoshli Dilan Ruf qo'lga olingan