AQSh Senati Markaziy razvedka agentligi va qiynoqlar haqida hisobot taqdim etdi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Markaziy razvedka boshqarmasi va qiynoqlar - AQSh Senati hisoboti - Torture Report

Senat, Kongressning yuqori palatasi AQSh Markaziy razvedka agentligi qo'llagan qiynoq usullari haqida yangi hisobot chiqardi.

Razvedka qo'mitasi taqdim etgan 6200 betli tahlil terrorizmda ayblanib ushlangan odamlar qanday so'roq qilingani va ulardan ma'lumot qay tarzda olingani bilan yaqindan tanishgan. Senat hisobotning 524 betini keng ommaga ko'rsatishga qaror qildi, qolgani maxfiy.

Unda 2001-yilda boshlangan terrorizmga qarshi kurash jarayoni, asosan Jorj Bush prezidentligi davridagi ishlar yoritiladi.

2009-yilda prezidentlikka Barak Obama kelgach, qiynoqlar man etilgan.

Hujjatga ko'ra, Amerikani 2001-2009 yillar orasida boshqargan Jorj Bush mahbustlarni so'roq qilishda keskin usullarni qo'llashga ruxsat bergan. Markaziy razvedka agentligi Oq uy va Kongressga o'z qilmishlari haqida haqqoniy axborot va hisobot bermagan. Inson huquqlari dahshatli tarzda poymol etilgan, qonunlar qo'pol tarzda buzilgan.

Asosiy xulosalar: Asirlar juda kichik joylarda saqlangan, uyqudan qoldirilgan, suvga bo'ktirilgan. Hisobotda boshqa vahshiy usullar haqida ham gap ketadi. Agentlik ishi puxta nazorat qilinmagan. Hatto ayrim agentlar qiynoqlarga qarshi chiqib, amaliyotni savolga tutganida, boshqarma rahbariyati vahshiy usullar qo'llanaversin, deya buyurgan. Keskin so'roq qilingan odamlar soni kamaytirilib ko'rsatilgan. Qiynoqlar bilan yuzlashgan 119 asirning 26 nafarini ushlab turish uchun huquqiy asos bo'lmagan. Markaziy razvedka boshqarmasi jurnalist va ekspertlarga yolg'on ma'lumotlar uzatib turgan, maqsad asirlarni keskin so'roq qilish usullari orqali nozik va o'ta muhim informatsiya olinmoqda deya targ'ib qilish bo'lgan.

Prezident Barak Obama fikricha xalq va dunyo ommasi bu qabih ishlar haqida haqiqatni bilishi kerak va Amerika hukumati hamda kelajak rahbarlar ham undan tegishli saboq olib, xulosa chiqarib, qiynoqlarni qa'tiyan man etishda davom etmog'i lozim. Qiynoqlar AQSh yuzini yerga qaratdi, unga nisbatan ishonchni yemirdi, deydi prezident.

Biroq Oq uy va Davlat departamenti bu hisobot tafsilotlari global maydonda Amerikaga nisbatan qarshilikni kuchaytirib, elchixona va boshqa vakolatxonalarga tahdidni oshirishi mumkin deya xavotirda. Hujjat e'lon qilinar ekan, xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

Senat qoralayotgan tizim va odamlar nazarida hujjat "murakkab va serqirra haqiqat" ni aks ettirmaydi, noxolis bitilgan va masalaning barcha jihatlari inobatga olinmagan. Terrorizmga qarshi urush, AQSh dushmanlarini tutib, qonli xurujlarning oldini olish keskin usullar qo'llashni talab etgan, deydi ular.

Bush davrida vitse-prezidentlik qilgan Dik Cheyni Markaziy razvedka agentligini sadoqatli organ deb atab, uning faoliyatida qo'pol xatolarga yo'l qo'yilmagan deya uni oqlashga urinmoqda. "Nyu-York Tayms" gazetasidagi maqolasida Cheyni maxfiy xizmat ishlari Oq uy, Adliya vazirligi va boshqa tegishli organlar tomonidan ma'qullangan, deya eslatadi.

Qo'shma Shtatlarni badnom etishga bel bog'lagan yovuz kuchlarni yo'q qilishdek qiyin vazifani bajargan agentlar qoralanmay, aksincha mukofotlanishi kerak, deydi Cheyni.

Bush prezidentligi paytida Markaziy razvedka agentligini boshqargan Maykl Xeyden fikricha esa terrorizmga qarshi urushda Amerika bilan hamkorlik qilgan davlatlar endi undan uzoqlashishi mumkin.

Senat Xeyden qatorida agentlikning boshqa sobiq rahbarlari Jorj Tenet va Porter Gossni ham yolg'on ma'lumot berganlikda ayblaydi.

Xeyden asirlar qiynoqqa solinmagan deydi. Hisobotda qayd etilishicha, agentlik mahbuslarni so'roq qilish jarayoni aks etgan yuzlab video tasvirlarni yo'q qilib yuborgan.

Bu jarayonlarga boshchilik qilgan, hozirda iste'foga chiqqan agent Xose Rodrigez Senat iddaolari asossiz deydi. Hisobotda asirlardan qiynoqlar orqali olingan ma'lumot samara bermagan deya xulosa qilinadi. Rodrigez esa buni inkor etib, mahbuslar bosim ostida bergan informatsiya Amerikani ko'plab tahdidlardan saqladi va saqlamoqda, deya javob beradi.

Senatda Razvedka qo'mitasi raisi Dayan Feynshteyn tekshiruvga bosh-qosh bo'lgan. Kongressda qilgan nutqida senator maxfiy xizmat, agentlik va umuman terrorizmga qarshi kurash usullarini tubdan isloh qilishga, 2009-yilda boshlangan ijobiy o'zgarishlarni davom ettirishga, inson huquqlari va oshkoralikni qadrlab, ularni targ'ib qilishga undadi.

Asirlarni qo'riqlashdan tortib, ular bilan gaplashadigan, so'roq qiladigan odamlar ko'p hollarda maxsus talablarga javob bermagan, uquvsiz va tajribasiz, ruhan nosog'lom odamlar bo'lgan, deydi senayor Feynshteyn. Ular federal xizmatchilar emas, kontraktorlar, yollanma kompaniyalarning xodimlari bo'lgan.

Asirlar Polsha, Ruminiya, Litva va boshqa davlatlardagi maxfiy hibsxonalarda saqlangan va o'sha yerlarda ham qiynoqqa solingan, deyiladi hisobotda.

Tekshiruv - demokrat senatorlar tashabbusi bo'lib, uni bu siyosatchilar qo'lida ishlaydigan mutaxassislar olib borgan. Respublikachi senator Jon Makkeyn hisobotni ijobiy baholab, qiynoqlarga hech bir zamonda hech bir davlatda toqat qilmaslik kerak deydi.

Xo'sh, yuqorida tilga olingan jinoyatlar uchun kim jazolanadi? Senat tekshiruvi jinoiy javobgarlikka yetaklaydimi?

Ekspertlar nazarida Markaziy razvedka agentligi (sobiq) rahbariyati va agentlaridan tortib, Bush prezidentligi davrida tegishli idoralarni boshqargan, "qiynoqlar" programmasini tuzgan va boshqargan odamlar va rahbarlargacha, juda ko'p odamlarni javobgarlikka tutish uchun asos bor.

BMT Inson huquqlari kengashi, huquq tashkilotlari, Amerikadagi ko'plab tashkilotlar va nufuzli arboblar, qolaversa oddiy fuqarolar javobgarlarni jazolash kerak deb chiqmoqda.

Lekin Obama ma'muriyati bu ishni qiladimi? Kongress a'zolari nima chora ko'radi?

Asosiy vazifa bunday qiynoqlarga kelajakda yo'l qo'ymaslik va buning uchun zamin yaratish, deydi prezident Obama.