Mustaqil hamdo‘stlik davlatlari tashkiloti – MDHga a’zo mamlakatlarning to‘qqiz mamlakati rahbarlari va rasmiylari o‘tgan hafta oxirida Tojikiston poytaxti Dushanbeda to‘planib, kelasi besh yillik harakatlar rejasini ma’qullab oldi.
Yig‘ilishda Tojikiston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya, Ozarbayjon va Moldova prezidentlari, Armaniston bosh vaziri hamda Turkmaniston Vazirlar mahkamasi raisining o‘rinbosari ishtirok etishdi.
Sammitda a’zo mamlakatlarning kelasi uch yilga mo‘ljallangan strategik harakatlari kelishib olindi. Uchrashuv davomida MDH davlatlari orasida turli sohalarga tegishli 16 qaror va yakdillikdagi bir necha siyosiy bayonotlar qabul qilindi.
Tashkilotning bu yilgi raisi va sammit mezboni Tojikiston bo’lib, hamdo‘stlikda fan va maorif, sog‘liqni saqlash, yoshlar bilan ishlash siyosati, sport va turizmni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
2019-yil raisligi Turkmanistonga berildi, oliy darajadagi keyingi sammit keyingi yil oktyabriga belgilandi.
Dushanbe sammitini yaqindan kuzatgan dushanbelik aayrim tahlilchilarning aytishicha, hamdo‘stlik garchi ittifoq sanalmasa-da, vaqti kelib o‘n mamlakat ittifoqiga aylanish ehtimoli yo‘q emas.
“Biz Moskva yetakchiligidagi har qanday ittifoqni qo‘llab-quvvatlashimiz, tarixda qolib ketgan SSSR tajribasi bizga saboq bo‘lishi lozim, barcha ijtimoiy-iqtisodiy birligimiz negizi ham mana shu ittifoqda ekanligini unutmaslik kerak”, - deydi Dushanbedagi rus oliy o‘quv yurtida dars berayotgan muallima.
Uning fikricha, hamdo‘stlik davlatlari orasidagi kichik tafovutlar bo‘lajak ittifoq uchun raxna bo‘lmasligi zarur.
Biroq boshqa ekspertlar bu fikrga qo‘shilmaydi. Xo‘jandlik o‘zbek olimi Ilhom Yusupov nazarida, Moskvada o’tirgan rahbarlar yuksak minbarlardan turib, balandparvoz gaplarni aytishsa-da, aslida ular imperchilik ishtahasini saqlab qolgan, o‘zlari uchun foydali bo’lgan qarorlarnigina tasdiqlashadi.
“Birgina Rogun GESi qurilishi atrofida bo‘lgan mashmashalar ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilgan ko‘rinadi. Bu masalada ruslar katta-katta va’dalarni berishgandiyu, amalda hech narsa qilishmadi, aksincha O‘zbekiston bilan oramizga sovuqchilik kirgani qoldi. Gruziyaning MDHdan chiqib ketishiga sabab omillar, Ukraina hodisalari, Qrimning Rossiyaga qo‘shib olinishi –bularning bari Markaziy Osiyo mamlakatlari liderlarini hushyorlikka undab turibdi, buni ham yodda tutish zarur, - deydi Yusupov.
Uning fikricha, MDH davlatlarining oliy darajadagi har qanday yig’inlari, undagi qarorlar do‘ppi tor kelib qolganda qog‘oz qutilaridek bir zumda parchalanib ketadi.
Mahalliy kuzatuvchilarning fikricha, MDH davlatlari garchi yagona ittifoqdek ko‘rinsa-da, aslida keskin ichki va xalqaro vaziyatlarda ularning orasida yakdillik ko‘rinmaydi. Ukrainadagi hodisalar va Qrimning Rossiya tasarrufiga o‘tishi ortidan hamdo‘stlikning qanchalar mo‘rtligi ko‘rinib qoldi.
Bu haqda fikr bildirgan o‘zbek olimi Ilhom Yusupov fikricha, Rossiyaning impercha siyosati mintaqada turli ko‘rinishlarda davom etmoqda, MDH rahbarlari ham aslida buni tushunib turibdi.
“Qozog‘istonda sal bo’lsa ham ruslardan ayri siyosat olib borilsa, Moskva darhol kontrpropaganda boshlaydi. Buni lotin alifbosiga o‘tish misolida ko‘rib turibmiz”, - deydi Yusupov.
Tojikistonlik ziyoli Anatoliy Hayimshoyevning aytishicha, juda ko‘p narsalar yaqin 3-4 yil orasida oydinlashib qoladi va bu Qozog‘istonda hokimiyat almashishi bilan bog‘liq.
“Moskvaga ishonch qay darajada ekanini xolis kuzatuvchilar anglab oladi deb o‘ylayman. Rossiya Harbiy havo-kosmik kuchlarining Tojikiston va Qirg‘izistondagi bazalarda joylashuvi, ularning yaqinda Xitoy bilan o‘tkazgan yirik harbiy mashqlari, nazarimda, yangi qurollanish poygasini boshlab beradigandek. Faqat bu narsaga Markaziy Osiyo davlatlari qo‘shilib qolmasa bo‘ldi”, - deydi u.
Hayimshoyev fikricha, MDH davlatlari orasida harbiy aloqalar iloji boricha Markaziy Osiyo davlatlari orasida bo‘lishiga erishish kerak. Mintaqa davlatlari rus harbiy texnikasi va qurollariga haligacha muhtojiligicha qolmoqda, bu ham qaramlikning bir turiga kiradi, deydi u.
Dushanbe sammitidan oldin matbuotga bayonot bergan Rossiyaning Markaziy harbiy okrugi qo‘mondoni, general-leytenant Aleksandr Lapin 2018-yil davomida MDH hududlarida bir necha yirik harbiy mashqlar o‘tkazilganini, yil oxirigacha Rossiya, Tojikiston va Qozog‘istonda yana to‘rtta yirik harbiy mashg’ulotlar o‘tkazilishini e’lon qildi.
“O‘tgan uch yil orasida jangovar tayyorgarlik faoliyat rejalari to‘rt baravar kuchaytirildi, MDH davlatlari qurolli kuchlari hamkorligida 17 marta harbiy mashqlar o‘tkazildi, ofitserlar birlashgan harbiy kuchlar harakati masalasida bebaho tajriba orttirdi. Bu harakatlarimiz xalqaro terrorizmga, birinchi galda Afg‘onistondan kelayotgan xatarga qarshi munosib javobga poydevor qo‘yadi, - degan edi o’shanda rus generali.
Biroq ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, Tolibon rahbariyatining Toshkentga rasmiy safari hamda Moskvaning toliblar bilan muzokara qilish da’vatlari janubdan tarqalishi aytilayotgan bu tahdidning quruq ekanini isbotlaydi. Rossiya bu kabi afsonalar va bahonalar bilan Markaziy Osiyo davlatlarini o‘z nazoratida ushlab turishni istaydi, deydi ular.
Masalan, Qozog‘istoning iqtisodiy tomondan rivojlangan sharqiy qismini olaylik. Hudud deyarli ruslashib ketgan. Sibirga chegaradosh kuchli infrastruktura aksar joylarda rusiyzabon mutaxassislar qo‘lida, ularsiz ish yuritib bo‘lmaydi, mahalliy qozoq aholi ham ruslashib ketgan. Bu Rossiya uchun juda katta ta’sir vositasi ekanligi kundek ayon”, - deydi Anatoliy Hayimshoyev.
Tojikistonda tug‘ilib o‘sib, hozir Ukrainada yashayotgan tojik ziyolisiga ko’ra, rus olimlari mintaqada vatanparvarlikning turli ko‘rinishlarini millatchilik qilib ko’rsatishga ustasi farang bo‘lib ketgan. Bu masalada ular mamlakat ichidagi burungi olimlardan ustalik bilan foydalanib, eski va qadimiy oriylik aqidasini yoshlarga singdirishmoqda, deydi u.
“Millatlar orasida oriylik aqidasini shakllantirish qanchalar ayanchli oqibatlarga olib kelishini natsizm misolida tarix isbotlab turipdi. Rossiyaning o‘zida fashistlashgan yoshlarning paydo bo‘layotgani bor narsa, bularning bari MDH hududlarida kuzatiladi, hushyorlikni qo‘ldan bermaslik lozim, - deydi Kiyevda yashayotgan tojik ziyolisi.
Xo‘jandda istiqomat qiladigan boshqa bir tojik ziyolisi Jo‘ra Yusufiyning aytishicha, MDH davlatlari orasidagi aloqalar hozir juda yaxshi rivojlangan, buni olqishlash zarur, lekin hamma narsa o‘zaro manfaatlar asosida shakllanishi kerak.
“Men Moskva tashqi siyosatida bir narsaga aminmanki, ruslar MDH, ShHT, Yevrazes bo‘ladimi, nima bo‘lmasin, barcha uyushmalarda birinchi galda o‘z manfaatlarini ilgari suradi. Birgina mehnat muhojirlari masalasini tahlil qilishning o‘ziyoq ruslarning naqadar puxta ish tutayotganidan dalolat beradi. Agar Moskva haqiqatan ham MDHning to‘laqonli faoliyatini istasa, sobiq SSSRning barcha fuqarolariga o‘z grajdanlaridek muomala qilgan bo‘lardi. Ular esa bu masalani siyosiy tazyiq va bosim uchun dastak qilib olishgan. Bunaqasi ketmaydi”, - deydi Yusufiy.
Dushanbedagi sammitda 2019-2023 yillargacha mo‘ljallangan davlatlararo jinoyatchilik va uning har qanday ko‘rinishlariga qarshi birgalikdagi harakatlar dasturi qabul qilingani ko‘pchilik uchun yaxshidek ko‘rinsa-da, aslida rejimga qarshi bo‘lgan muxolifatchilarni tutishga yo‘l ochib beradi, deydi Polshada yashayotgan tojik ziyolisi.
Jo’ra Yusufiyning fikricha, aynan shu qaror tufayli mavjud hukumatlar o‘zlariga nomaqbul shaxslarni bir-birlariga tutib berishi mumkin bo‘ladi.
“MDH davlatlari rahbarlari jinoyatchilikning oldini olishda axborot texnologiyalardan foydalanish haqida ham kelishuvga erishgan. Unda davlat kuch tizimlarining hamkorligi ko‘zda tutiladi va bilishimizcha, bu kelishuvda jinoyatchilik holatlari qandaydir tushunchalar bilan boyitilgan, jinoiy javobgarlik uchun mas’uliyat va holatlar majmui ko‘paytirilgan. Ammo qanaqa holatlar u, qanday tushunchalar, bularni biz bilmaymiz, xayriyatki, MDH hududida emasmiz, - deydi vaqtincha Polshada qo‘nim topgan tojik muxolifatchisi.
Tojikistonliklar MDH sammitiga tashrif buyurgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni ko‘tarinki ruh bilan qarshi oldi. Ko‘p yillik ayriliqdan so‘ng ikki mamlakat orasidagi do‘stona aloqalarning yangidan rivojlana borayotgani barchani quvontirmoqda. O’zaro savdo-sotiq tez sur’atlarda yuksalib, shu yilning sakkiz oyi mobaynida Tojikiston O‘zbekistonga 192 million dollar, O’zbekiston esa qo’shni respublikaga qariyb 81 million dollarga teng mahsulot eksport qilgan.