So'nggi paytda mutaxassislar atrof-muhit, iqlim va undagi o'zgarishlarning iqtisodiyot va siyosatga ta'sirini o'rganishga kirishgan. Bu sohadagi ekspertlarning oziq-ovqat xavfsizligi, energetika va transportga doir siyosatni ham shakllantirishda xizmati katta.
Joriy yilda AQSh avtomobil bozoriga elektr tokida yuradigan gibrid turidagi 25 xil yangi mashina chiqariladi. Yirik avtomobilsozlik kompaniyalari katta o'zgarishlar haqida ma'lum qilgan.
Jonatan Lash Jahon resurslari instituti rahbari. Tashkilot yaqinda 2011-yil uchun ekologik bashoratlarini e'lon qildi.
"Elektr tokida yuradigan mashinalarning atrof-muhitga foydasi haqida munozara ko'p bo'lyapti. Agar elektr toki asosan ko'mir hisobiga ishlab chiqariladigan joylarda bunday avtomobillar ko'paysa, zaharli gazlarning atmosferaga chiqarilishini 25 foizga kamaytirish mumkin", - deydi u.
Lash tashkilotining yillik xulosalarini yaqinda Vashingtonda o'tgan bir tadbirda e'lon qildi. Transport eng katta bosh og'riq, deydi u.
Yirik shaharlarda avtomobil yo'llaridagi tig'izlik jiddiy muammo. Kolumbiya va Braziliyada avtobus tizimi takomillashib, buning oldi olinmoqda, yo'llarni ta'mirlashga sarflanadigan pul tejalyapti.
Mutaxassisning aytishicha, avtobus tizimi arzon, tezroq harakat qiladi. Kengayishda davom etadi, chunki bu rivojlanayotgan davlatlardagi yirik shaharlar uchun muammoga yechim.
Shaharlararo yo'nalishda, deydi Lash, Xitoy, masalan, tezyurar poyezdlar tizimiga katta e'tibor beryapti.
Dunyodagi barcha tezyurar poyezd relslarini qo'shib hisoblaganda ham Xitoynikiga yetmaydi, deydi mutaxassis. Bu davlat muqobil energiya manbalarini rivojlantirish uchun ko'p sarmoya tikkan.
"Xitoy buyuk rejalarni ko'zlayapti. Bu ishga jiddiy yondashib, hammani hayratga solyapti. Xitoyning ekologiyaga xizmati katta bo'ladi, deb o'ylayman".
Jahon resurslari instituti prezidentiga ko'ra, AQSh bu borada hammadan ortda.
O'tgan yili Kongress iqlim o'zgarishiga doir qonunni tasdiqlamadi. Bu esa Amerikada toza energiya sanoatining rivojlanishiga pand berishi turgan gap. Ammo asta-sekin shtatlar darajasidagi o'zgarishlar davlat miqyosidagi islohotlarga yetaklashi mumkin, deydi Lash.
"20 dan ziyod shtat iqlim o'zgarishiga qarshi mustaqil dasturga ega. Yuzlab shaharlar, kompaniyalar, jamoalarda masalaga jiddiy e'tibor qaratilmoqda", - deydi u.
Ustiga ustak, Atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi zararli gazlarning atmosferaga chiqarilishini nazorat qila boshlashini aytgan. Ammo og'ir sanoat vakillari va ba'zi siyosatchilar nazoratga qarshi.
Jonatan Lash oziq-ovqat narxini kuzatishni tavsiya qiladi. Narx-navo energiyaga bo'lgan talab va aholining ko'payishiga bog'liq, deydi u.
"Dunyo bo'ylab harorat ko'tarilishi vaziyatni keskinlashtirmoqda. Toshqinlar, qurg'oqchilik, dovullar oziq-ovqat ta'minotini kesmoqda", - deydi u.
Jahon Banki mutaxassisi Kristofer Delgadoning aytishicha, Rossiyada iqlim o'zgarishi bug'doy hosiliga ta'sir qilmoqda.
"2008-yil o'ta og'ir keldi. Hozir ahvol bir oz yaxshi. Bug'doy g'amlandi, lekin ko'pga yetmaydi", - deydi Delgado.
Ekspertlar xulosasicha, jahon hamjamiyati iqlim o'zgarishining qishloq xo'jaligiga ta'sirini o'rganib, hozirdan chora ko'rmas ekan, qashshoq davlatlarda ahvol yomonlashib boraveradi.
Endryu Stier Jahon Bankida iqlim masalalari bo'yicha maxsus vakil vazifasida ishlaydi.
"Jiddiy chora ko'rmasak, Afrikada odamlar yanada qashshoqlashadi. Ba'zi hisoblarga ko'ra, 2100-yilga borib, qit'ada hosil yarmiga qisqarishi mumkin", - deydi u.
Endryu Stier deydiki, Jahon Banki iqlimdagi salbiy o'zgarishlar ta'sirini kamaytirish yo'lida 130 dan ziyod mamlakatlarda ish olib bormoqda.
Jahon resurslari instituti izlanishi natijalariga ko'ra, ayniqsa, qashshoq davlatlar bu o'tkir sezilmoqda.