AQSh Prezidenti Jo Bayden o’tgan oy jahon rahbarlari bilan bo’lib o’tgan virtual sammitda Qo’shma Shtatlar 2030-yilgacha issiqxona gazlari chiqindisini ikki baravar kamaytiradi deb so’z bergan.
Your browser doesn’t support HTML5
Olimlar keskin ob-havoga iqlim o’zgarishi sabab ekaniga ishora qilmoqda.
“Koinotimiz isigan sari okeanlar issiqlikni yutib kengaymoqda, suv havzalari to’lib bormoqda. Tog’larda muz eriyapti, muzliklar kichrayib boryapti, erigan muz okeanni to’ldiryapti”, - deydi AQShning Fazoni tadqiq etish boshqarmasi NASAda iqlim o’zgarishini kuzatuvchi olim Gavin Shmidt.
Unga ko’ra, haroratning ko’tarilishi natijasida yer qurib borarkan, yong’inlar vujudga kelmoqda.
Meksikada tabiat muhofazasi bilan shug’ullanuvchi nodavlat tashkilot rahbari Edgar Godoyning aytishicha, yong’inlar, toshqinlar, eriyotgan muzliklar odatiy holga aylangan.
“Har yili nafaqat Meksikada, balki butun dunyoda “bu oxirgi 5 yilda eng issiq yil bo’ldi” deb gapiramiz. Yildan yilga shunday bo’lyapti va bu borada o’zgarish yo’q”, - deydi u.
Mexiko shahrida yashovchi 20 million aholining uchdan biri suv tanqisligi bilan yuzlashadi. Qurg’oqchilik ehtimoli qishloq xo’jaligiga tahdid solmoqda, deydi Godoy.
“Fermerlarning bundan boshqa daromadi yo’q. Hosil bo’lmasa, ular o’rmonga borib daraxtlarni kesishga va sotishga majbur bo’ladi. Bu esa o’rmonlarning yo’qolishiga olib keladi”, - deydi mutaxassis.
Daraxtlarning kesilishi natijasida ildizlari tuproqni ushlab turish xususiyatini yo’qotadi, buning oqibatida yer ko’chishlari va toshqinlar ko’payadi.
Indoneziyaning “Tropik o’rmonlari alyansi” tashkiloti vakili Intan Fardinatrining aytishicha, tabiiy ofatlardan, asosan, yer hisobiga kun kechirayotgan odamlar zarar ko’rmoqda.
“Yer ko’chishlari infratuzilmani barbod qiladi. Chekka joylarda yashovchi qishloq ahli yanada ajralib, yakkalanib qolmoqda”, - deydi u.
Mutaxassisning aytishicha, ob-havoning notekisligi qahva ishlab chiqarishni ikki baravar kamaytirib, xo’jalikda mashg’ul odamlar iqtisodiy ahvolini og’irlashtirdi.
“Oldin bunday bo’lmasdi. Hozir esa tuproq charchagan, qurigan”, - deydi Fardinatri.
Iqtisodiy taraqqiyot va ekologiya muhofazasi o’rtasidagi to’qnashuv oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirishda beqarorlikka yetaklashi mumkin, deydi mutaxassislar.