Iqlim o'zgarishiga doir ikki haftalik global namoyishlar boshlandi

  • Amerika Ovozi

Atrof-muhit muhofazachilari dunyo bo’ylab ikki haftalik namoyish boshladi. Turli mamlakatlarda yuzlab faollar hibsga olindi. Namoyishchilar dunyo ahli diqqatini iqlimdagi keskin va favqulodda o’zgarishlarga qaratmoqchi.

Nozo’ravon qarshilik va fuqaroviy itoatsizlik orqali ekologiya muhofazasi uchun kurashayotgan bir tashkilot global namoyishlarni tashkil etdi. Faollar global harorat oshishi va uning salbiy ta’sirini to’xtatish maqsadida hukumatlardan zararli gazlar chiqindisini kamaytirishni talab qilmoqda.

Londonning Trafalgar maydonida faollar o’zlarini yer va tutqichlarga yelimlab, yo’l harakatini to’sib qo’ydi. Parijda esa Sena daryosi ustidagi ko’prikni egallashdi.

“Qurol ko’tarib kelganimiz yo’q. Biz inson sifatida “haqiqatga yuz tuting, odamlarga haqiqatni so’zlang, shunda odamlar bu holatni qabul qilib, omon qolish uchun harakatga tushadi” degani keldik”, - deydi parijlik namoyishchilardan biri.

Olomon Berlin va Amsterdamning markaziy rayonlarida yo’l harakatini to’sdi. Yo’lni tozalash buyrug’iga bo’ysunmaganlar hibsga olindi.

Nyu-York shahrida ham odamlar to’plandi. Moliyaviy markaz hisoblangan Uoll Stritdagi ho’kiz haykaliga faollar namoyishni uyushtirgan tashkilot bayrog’ini qadashdi, o’zlariga esa qizil rangli bo’yoq sepib, qo’lda tobutlar bilan haykal atrofida o’layotgan odamlarni tasvirlashdi.

“O’limga qarshi isyon” (Extinction Rebellion) tashkilotiga ko’ra, Uoll Stritda ishlayotgan moliyaviy kompaniyalar foydani sayyora salomatligidan ustun qo’yib, qotillikka sherik bo’lishdi.

Tashkilot shu yil aprelida London markazida yo’l harakatini 11 kunga to’sib, nom qozondi. Shundan beri uning saflari kengaydi, faollari dunyoda biologik xilma-xillikni saqlab qolish uchun 2025-yilgacha uglerod chiqindilarini to’xtatishni talab qilmoqda. Guruh bu maqsadga erishish uchun qanday chora ko’rish kerakligini aytmaydi.

“O’limga qarshi isyon” siyosatchilarga tavsiyalar bermaydi. Biz hukumatlardan vaziyatni fuqarolarga oydin qilishni talab qilamiz, shundan keyin ular birgalikda chora ko’rishi lozim”, - deydi germaniyalik faol.

Tashkilotning Afrikada ham tarafdorlari bor.

“Qaysi mamlakat fuqarosi bo’lishingizning ahamiyati yo’q. Hammamiz bir sayyorada yashaymiz. Barchamiz yo’q bo’lib ketish tahdidi bilan yuzlashyapmiz. Birgalikda harakat qilish kerak”, - deydi faollardan biri.

Avstraliyada ham namoyishlar.

“Vaqtni boy beryapmiz. Korporatsiyalar va ko’mirga mehr qo’ygan siyosatchilarga ishonib bo’lmaydi”, - deydi yana bir atrof-muhit muhofazachisi.

Dunyo bo’ylab ikki hafta davom etadigan namoyishlar siyosatchilar diqqatini iqlim o’zgarishiga tortishga qaratilgan.