Nyu-Yorkda o’tgan hafta boshlangan BMT Bosh Assambleyasining 74-yillik sessiyasida shu haftadan boshlab davlat rahbarlari ma’ruzalar qiladi. Biroq anjuman kun tartibiga qo’yilgan muhim mavzular muhokamasi AQSh va Eron o’rtasidagi ziddiyatlar sabab ikkinchi planga o’tib qolishi mumkin.
Your browser doesn’t support HTML5
BMT bosh kotibi iqlim o’zgarishi dolzarb muammo ekanini aytib, uning muhokamasi sessiya ishtirokchilari e’tibor markazida bo’ladi, deya umid qilmoqda.
Saudiya Arabistonidagi ikkita yirik neft inshootiga qilingan dron hujumlari AQSh va Eron o’rtasida aloqalarni o’rnatish ehtimoli vujudga kelayotgan bir paytda xavfli vaziyatni yuzaga keltirdi.
Erondan yordam olayotgani aytilayotgan yamanlik isyonchilar 14-sentabr kungi hujumlar ortida turganini da’vo qilgan. Biroq AQSh rasmiylariga ko’ra, aslida bu Tehronning ishi. Islomiy respublika ayblovlarni inkor etmoqda.
Prezident Donald Tramp Eronga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishni buyurdi.
“Sinchkov tekshiruvlar hujumlarga Eron aloqador ekanini ko’rsatmoqda. Surishtiruv natijalari aniq bo’lishi bilan ma’lum qilamiz”, - dedi Tramp.
BMT anjumanidan oldin Trampning Eron prezidenti bilan ehtimoliy uchrashuvi haqida ko’p gap bo’lgan edi, biroq endi bu reja chippakka chiqqan ko’rinadi. Uchrashuv ehtimoli Hasan Ruhoniyga Trampdan ko’ra kattaroq zarar yetkazishi mumkin edi.
“Agar ikki rahbar Nyu-Yorkda uchrashsayu, muloqotdan Eronga foyda bo’lmasa, ular birga tushgan surat Trampga AQShdagi tarafdorlari oldida ish berishi mumkin. Ruhoniyga esa Eronda hujum qilishadi. Uni sodda deb, uchrashuvdan natijasiz qaytganiga jerkishlari mumkin”, - deydi Vashingtondagi Yaqin Sharq instituti katta ilmiy xodimi Aleks Vatanka.
Bu geosiyosiy inqirozni hisobga olmaganda anjuman kun tartibiga ko’ra ob-havoning dunyo miqyosida iliqlashishi Nyu-Yorkda to’planayotgan davlat rahbarlari diqqat markazida bo’lishi kerak.
“Vaqtni boy bera olmaymiz. Buni tan olish kerak. Iqlim o’zgarishiga qarshi poygani boy beryapmiz”, - dedi BMT rahbari.
Yuzga yaqin davlat rahbari zararli gazlarning atmosferaga chiqarilishini keskin cheklash xususida o’z rejalarini bayon qilishlari kutilmoqda.
“Ko’mirdan voz kechishni, uglerodlar chiqindisiga soliq solishni, yoqilg’i qazish subsidiyalarini to’xtatishni, havo ifloslanishini kamaytirishni maqsad qiluvchi istiqbolli tashabbuslarga guvoh bo’lamiz”, - dedi Antoniu Guterrish.
24-sentabrdan boshlab davlat rahbarlari Bosh Assambleya minbaridan turib birin-ketin ma’ruza qiladi. Trampning chiqishini ko’plar intizorlik bilan kutmoqda.
“Tramp, asosan, o’zi haqida, Shimoliy Koreya bilan yadroviy diplomatiyasi muvaffaqiyatlari haqida gapiradi deb o’ylayman. Tramp o’zini tinchlikparvar qilib ko’rsatishni yaxshi ko’radi. Eronga kelganda uning bu xislati ish bermayapti. Demak, asosan Koreya mavzusiga urg’u beradi”, - deydi Xalqaro inqirozlar guruhidan Richard Govan.
Isroildagi saylovlarda ishonchli g’alaba qozona olmagan Bosh vazir Benyamin Netanyaxu bu yilgi sessiyani qoldiradigan ko’rinadi.