Iqlim o’zgarishi afsonami yoki haqiqat? Amerikada bu borada munozaralar tingani yo’q. Hatto mutaxassislar orasida ham. Ayrimlar bu inson faoliyati bilan bog’liq desa, boshqalar nazarida, iqlimdagi keskin o’zgarishlar tabiiy jarayon.
Your browser doesn’t support HTML5
Prezident Tramp iqlim o’zgarishini tan olsa-da, bunga insonning aloqasi yo’q deb keladi. Natijada o’tgan yili zararli gazlar chiqindisi Amerikada 3,4 foizga oshdi. Bu 2010-yildan beri eng katta ko’rsatkich.
Yer kurrasi o’zgarib bormoqda, dengiz sathi ko’tarilyapti, sayyorada harorat oshmoqda.
Natijada tabiiy ofatlar tez-tez sodir bo’lmoqda. O’tgan yil noyabr oyida Kaliforniya shtatida o’rmonlar yong’inga uchradi.
“Iqlim o’zgarishining ta’siri kuchayib boryapti. Ob-havoning keskin o’zgarishi natijasida yuz berayotgan ofatlar yuz milliardlab dollarga tushmoqda”, - deydi atmosfera iqlimi bo’yicha professor Maykl Menn.
Aksariyat olimlarning fikricha, iqlim o’zgarishiga atmosferada yerdan chiqayotgan karbon dioksidi gazlarining ko’payishi sabab bo’lmoqda. Ko’mir, neft kabi qazib chiqariladigan yoqilg’idan foydalanish ana shunday gazlarning hosil bo’lishiga olib kelmoqda.
Boshqalar nazarida esa, iqlim o’zgarishi tabiiy jarayon, muzlik davrida ham kuzatilgan.
“Dengiz sathi 1930, 1940-yillarda ham hozirgiday yuqori bo’lgan. Karbon dioksidi esa katta miqdorda 1950-yillardan boshlab atmosferaga chiqarila boshlagan. Ya’ni iliqlashish bundan oldin ham bo’lgan”, - deydi olima Judit Karri.
Tramp ma’muriyati ham bu holatni inson faoliyatiga bog’lamas ekan, yoqilg’ini qazib chiqarish va iste’mol qilishni cheklovchi qoidalarni yengillashtirmoqda.
“Ahamiyatsiz qoidalarga rioya qilib, mamlakatimizga iqtisodiy zarar yetkazishni istamayman”, - deydi Tramp.
Ba’zi olimlar nazarida, AQSh kabi sanoatlashgan davlatlar iqlim o’zgarishiga aloqador bo’lsa-da, zararini rivojlanayotgan mamlakatlar ko’radi.
“Sanoatlashgan mamlakatlar darajasiga yetmagan, yetarlicha boylik orttirmagan Afrika va boshqa mintaqalardagi davlatlar iqlim o’zgarishi ta’siriga qattiq uchraydi”, - deydi professor Menn.
Iqlim o’zgarishi haqida bong urayotgan mutaxassislar yangilanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishga chaqirmoqda.