Iqlim o'zgarishi bo'yicha xalqaro anjuman natijasiz yakunlandi

  • Amerika Ovozi

Madridda BMTning iqlim o’zgarishi bo’yicha bir necha kunlik anjumani yakunlandi. Unda qatnashgan mamlakatlar kelasi yili zararli gazlar chiqindisini yanada kamaytirishga so’z berdi. Biroq davlatlar mo’ljal aynan qancha bo’lishiga kelisha olmadi, sammitning yakuniy protokoli ham imzolanmadi.

Salkam 200 mamlakat qatnashgan anjumanda qashshoqroq davlatlarga iqlim o’zgarishiga qarshi chora ko’rish uchun moliyaviy yordam berish, qazib chiqariluvchi yoqilg’i bilan ishlovchi bozorlar qoidasini belgilash kabi masalalar ham yechimsiz qoldi.

“Kelishilgan bitimlar iqlim inqirozi dolzarbligini inobatga olmaydi. Issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish ko’lami xususida kelisholmadik. Zudlik bilan siyosiy irodani kuchaytirib, iqlim o’zgarishiga qarshi harakatlarni jadallashtirishimiz kerak”, - dedi anjuman raisasi, Chili Ekologiya vazirasi Karolina Shmit.

Tanqidchilar AQSh kabi yirik sanoatlashgan davlatlarni muammo yechimiga g’ov bo’layotganlikda aybladi.

Anjuman natijalaridan ranjigan atrof-muhit muhofazachilari va faollari anjuman bo’layotgan bino tashqarisiga go’ng to’kdi.

Ular atmosferani eng ko’p ifloslantirayotgan mamlakatlarni iqlim o’zgarishining salbiy oqibatlari haqidagi ilmiy izlanishlar natijalari, hayotiy dalillar va yoshlar da’vatlarini inkor etib kelayotganlikda aybladi.

Yevropa Ittifoqining Polshadan tashqari barcha mamlakatlari 2050-yilga borib, issiqxona gazlari chiqindilari darajasini nolga tushirishga va’da berdi.