AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Markaziy Yevropa va Janubiy Kavkaz bo'yicha safari yakunida bugun Gruziyaga borgan. Klinton Gruziyadan ajralib chiqqan Janubiy Osetiya va Abxaziyada Rossiya okkupatsiyasiga chek qo'yishga chaqirgan.
Xillari Klintonning aytishicha, AQSh-Rossiya aloqalari qancha yaqin bo'lsa, sobiq Sovet respublikalari bundan shuncha ko'p foyda ko'radi. Rossiya 2008 yilda Gruziyaga qarshi urushdan so'ng imzolangan sulhga zid holda qo'shinlarini hamon bo'lginchi hududlardan olib chiqmagan. AQSh bundan norozi, ammo davlat kotibiga ko'ra bu hol AQSh-Rossiya hamkorligiga ta'sir qilmasligi kerak.
"Ikki davlat doim ham birday siyosat yuritmasligi aniq. Gruziyada bo'lgan urush hamda Janubiy Osetiya va Abxaziyaning Rossiya tomonidan okkupatsiya qilinishini yoqlamaymiz. Biroq bu bilan boshqa sohalardagi hamkorligimiz to'xtab qolmasligi lozim", - deydi Klinton.
Ba'zi kuzatuvchilar nazarida Qo'shma Shtatlar Rossiya bilan munosabatlarni buzmaslik uchun Gruziya masalasi borasida Kremlga yetarlicha bosim qo'ymayapti. AQSh Gruziya yaxlitligini qo'llab-quvvatlab, Janubiy Osetiya va Abxaziyani mustaqil hudud sifatida tan olmagan bo'lsa-da, xalqaro maydonda bu ikki bo'lginchi respublikani Gruziyaga qaytarish borasida biror harakatdan darak yo'q.
Gruziyaga olti soatlik tashrifi davomida Klinton prezident Mixail Saakashvili, muxolifat a'zolari, huquq kurashchilari va 200 ga yaqin faol ayollar bilan uchrashgan.
Kecha AQSh davlat kotibi Armaniston va Ozarbayjonda ham bo'lgan. Ikki tomonlama hamkorlikdan tashqari Tog'li Qorabog' masalasi muhokama qilingan. Qo'shma Shtatlar Fransiya va Rossiya bilan birgalikda ushbu mavzu bo'yicha muzokaralarga mas'ul Minsk Guruhi tarkibiga kiradi.
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev xalqaro hamjamiyatni dadilroq harakat qilishga chaqirgan.
"Hududlarimiz ko'p yildan beri okkupatsiya ostida. BMT Xavfsizlik Kengashi, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti, Yevropa Parlamenti, Yevropa Kengashi, Islom Konferensiyasi Tashkiloti - barchasi vaziyat bo'yicha tegishli rezolyutsiyalar qabul qilib, Armanistondan qo'shinlarini Ozarbayjon hududidan olib chiqishni talab qilgan", - deydi Ozarbayjon rahbari.
Armaniston nazarida Tog'li Qorabog'da yashovchi armanlar o'z taqdirini o'zlari belgilashga haqli.
Tashqi ishlar vaziri Serj Sarkisyanning aytishicha, Tog'li Qorabog' - armanlarning tarixiy yeri va hudud xalqi kelajagi va taraqqiyotini o'zi belgilamoqchi, bu esa xalqaro qonun tamoyillariga to'liq javob beradi.
Xillari Klintonning aytishicha, Minsk Guruhi muammoga yechim topguncha, tomonlar zo'ravonlikdan o'zini tiyishi zarur.
AQSh Davlat kotibasi safari chog'ida yoshlar, siyosiy faollar, ayniqsa xotin-qizlar bilan muloqot qilishga harakat qilgan. Boku, Yerevan va Tbilisida tadbirkor ayollar bilan suhbatda bo'lgan.