Hillari Klinton mag'lubiyat saboqlari haqida kitob yozdi

  • Amerika Ovozi

Tramp yutdi, deydi Klinton xonim, lekin u prezidentlikka loyiq odam emas

Prezident saylovidan, Oq uy uchun kurashda mag’lub bo’lganidan deyarli bir yi o’tib, demokrat siyosatchi Hillari Klinton 2016-yilgi poyga haqida kitob taqdim etdi. Xo’sh, arbob nima sabab yutqazdi? Saylov kampaniyasini u qanday baholaydi va tarixda nimalar bitilishini istaydi?

Your browser doesn’t support HTML5

Hillari Klintonning yangi kitobi nima haqda?

Klinton kitobxonlar bilan uchrashar ekan, tabiiyki, yangi kitobiga avtograf so’rayotganlar talay. Nyu-Yorkdagi mashhur kitob do’konida navbatda turganlar hayajonda.

“Klintonni hurmat qilaman. Menga juda yoqadi. Kitobini o’qib, dardini eshitib, boshqalar bilan muhokama qilishni xohlayman”, - deydi Linda Veb ismli amerikalik.

Jurnalist Jonatan Lemir kitobni allaqachon o’qib chiqqan va uning mazmunini qisqacha qilib, saylov kampaniyasining shaxsiy lekin samimiy tahlili, deya izohlaydi.

“Klinton kitobda o’z xatolarini birma-bir sanab chiqadi, qilgan qarorlari nima uchun ish bermaganini tushuntiradi. Mag’lubiyat ortidagi omillar, saylov kampaniyasini tebratgan kuchlar, shaxsiy kamchiliklar, raqibiga qo’l kelgan faktorlar, Donald Trampni prezidentlikka olib kelgan sabablar”, - deydi jurnalist.

Your browser doesn’t support HTML5

Hillari Klinton mag'lubiyati yangi kitobda

Nyu-York

Klinton mag’lubiyatni tan olib, g’olibga muvaffaqiyat va kuch-quvvat tilagan. Arbob vatanparvar amerikalik sifatida yurti uchun jonini fido qilishga tayyor ekanini aytadi, lekin uning fikricha Donald Tramp hamon prezident bo’lishga arzimaydigan odam.

“Klinton Prezident Trampning faoliyatiga qarab, mana shu fikrida yanayam qat’iy. Ya’ni, Tramp turli hiyla va nayranglar orqali boshqaruvga keldi. Rossiya aralashuvi, uningcha, qabih harakat bo’lgan. Federal Qidiruv Byurosining o’sha paytdagi rahbari Jeyms Komi saylov oldidan Klintonga qarshi tekshiruv boshlab, jarayonga salbiy ta’sir qilgan. Saylovchini adashtirgan, deya da’vo qiladi Klinton”, - deydi Lemir.

Ayrimlar nazarida esa Klinton faqat o’zini ayblashi kerak.

Xovard Kaplin, oddiy amerikalik:

“Xuddi u qandaydir bir sirli sabablarga ko’ra yutqazgandek! Qanaqa sir? Xalqqa ma’qul kelmadi bu nomzod. Tramp ko’pchilikning ko’ngliga yo’l topa oldi. Xalq unga ergashdi. Klinton yutqazdi”.

Oktabr, 2016: Saylov kampaniyasi avjidga chiqqan payt

Oq uy matbuot kotibasi Sara Sanders deydiki, kitob - alamzada arbob hikoyasi.

“Afsus… Hillari Klinton tariximizdagi eng salbiy saylov kampaniyalardan birini olib borib, qoqildi va endi o’z siyosiy merosini mana shunday yolg’on va vijdonsiz yo’llar bilan targ’ib qilishga, o’zining xatolarini shunday safsata bilan oqlashga harakat qilmoqda. Achinamiz unga”, - deydi Sanders.

Yoshi 70 ga yaqinlashayotgan Klinton xonim umrining oxirigacha Amerika manfaatlari va global taraqqiyot uchun kurashmoqchi ekanini aytadi. Oq uy uchun boshqa harakat qilmoqchi emas.