Gazli yaxna ichimlik deganda hammaning xayoliga birinchi navbatda Koka-Kola (Coca-Cola) keladi. Izlanish natijalariga ko’ra, “kola” so’zi “okey” so’zidan keyin ko’pchilikka tanish so’z ekan. AQShda bu nafaqat shunchaki yaxna ichimlik, balki Amerika madaniyatining bir bo’lagi hamdir.
Koka-Kola koinotda va Shimoliy qutbda iste’mol qilingan ilk ichimlikdir. Har kuni dunyo bo’ylab 1,9 milliard dona Koka-Kola mahsuloti ichiladi. Ichimlikni 1886-yilda farmatsevt Jon Pemberton o’ylab topgan.
“O’shanda bir kunda atigi to’qqiz dona Koka-Kola iste’mol qilinardi. Jon Pemberton 50 dollar sarmoya qilib, birinchi yilda 36 dollar foyda ko’rgan, xolos”, - deydi Ted Rayan.
130 yil o’tib, Koka-Kola dunyoda salqin ichimliklar ishlab chiqaruvchi eng yirik kompaniyaga aylandi. Bosh qarorgohi Atlanta shahrida joylashgan, o’z muzeyi ham bor - sayyohlar sevib boradigan joy.
“Maza qildik. Qiziqarli kino qo’yib berishadi, interaktiv dasturlari bor. Ko’rishga arziydigan joy”, - deydi Mettyu Rubush ismli sayyoh.
Muzeyda kompaniya tarixi haqida ma’lumot olish, Koka-Kola ichimliklarining turli xillarini tatib ko’rish mumkin. Koka-Kolaning ta’mi betakror bo’lib, uni tayyorlash retsepti sir saqlanadi.
So’nggi yillarda odamlar sog’lig’iga jiddiyroq e’tibor qaratarkan, bunday gazli ichimliklar savdosi tushib bormoqda. Biroq Amerikada bayramlarni Koka-Kolasiz tasavvur qilib bo’lmaydi.
“Har safar sayilga chiqqanda yoki mehmon chaqirganda albatta bir quti Koka-Kola sotib olasiz. Boshqa ichimliklar ham olishingiz mumkin, biroq ulardan biri Koka-Kola bo’ladi, albatta”, - deydi Xavyer Levi.
Amerikaliklar fast-fud kafelariga kirsa, xot-dog, gamburger va fri kartoshkasi bilan birga Koka-Kola ichimliklarini ham oladi.
“Yoshligimda Koka-Kolani chiroyli shisha idishlarda sotishardi. Kafemizda ham shunday”, - deydi “Chili Boul” kafesi egasi Kamol bin Ali.
1958-yilda poytaxt Vashingtonda ochilgan bu joyda Amerikaning ko’zga ko’ringan ko’plab odamlari ovqatlangan. Prezident Barak Obama ulardan biri.