AQShda talabalarning umumiy qarzi bir trillion dollarga yetgan. Mamlakat universitetlari bo’ylab norozilik namoyishlari o’tkazilib, o'qish nima uchun qimmatlab borayotgani muhokamada. Ishsizlik o’rtacha sakkiz foiz atrofida ekan, oliygoh bitiruvchilarini mavhum kelajak kutmoqda.
Keyt Daffi san’atshunos, Vashingtondagi Amerika Universitetida o’qiydi. O’qishni tamomlashiga bir oydan oz vaqt qoldi.
"Xursand bo’lishni ham, xafa bo’lishni ham bilmaysan, kishi. To’rt yil davomida do’stlarim bilan tashvish nimaligini bilmay yashadik. Endi esa haqiqiy dunyoga yuz tutish arafasidamiz", - deydi Daffi.
Uning dugonasi Anjela Miller ham universitet bilan xayrlashadi. Har ikkisi musiqachi bo’lishni yoki teatrda ishlashni orzu qiladi. Buning uchun yaxshi joydan ish topish kerak. Dugonalar Amerikadagi eng qimmat universitetlarning birida asosan kredit hisobiga o’qishdi. Har birining qarzi hozirda 200 ming dollar atrofida.
Universitetning biznes fakultetini bitirayotgan talabalarga ish beruvchi bilan suhbat, ish topish uchun tanish-bilish orttirish sirlari o’rgatiladi. Biroq dekan o’rinbosari Lorens Uordning aytishicha, bakalavriatdan maqsad faqat ish topish emas.
"Ularni hayot uchun tayyorlayapmiz. Buni sarmoya desa ham bo’ladi. Balki darrov ishli bo’lishmas, lekin har holda bilimli bo’lib, o’rganganlari hayotda doim kerak bo’ladi", - deydi ma’mur.
Talaba Aleksandra Golomb uning fikriga qo’shiladi.
"Ta’limni ishga bog’lamayman. Men uchun ahamiyatli tomoni bilimli bo’lishimdir. Amerika Universitetidagi tajribam menga bundan ko’proq narsalarga erishishga yordam beradi", - deydi talaba.
Oliygohning audio texnologiyasi dasturi rahbari Pol Oxler nazarida esa har bir bitiruvchi ishli bo’lishi kerak.
Dara Xirsh Oxlerning talabalaridan. Qanday bo’lsa ham, ish topishim kerak, deydi u.
"Ko’p do’stlarim 4-5 ishda ishlaydi. Qarzdan qutulish uchun ko’p joyda mehnat qilishga to’g’ri keladi. Ana o’shandan keyin o’z sohamga butun diqqatimni qaratsam bo’ladi. Ungacha esa to’g’ri kelgan ishni qilaveraman", - deydi Xirsh.
Keyt Daffi universitetdan so’ng Vashingtonda qolib, o’ziga yoqqan ish topishga umid qilyapti.
"Hayotda shu narsa muhimki, inson nima bilan shug’ullansa ham, undan huzur ola bilishi kerak. Maqsadi tomon yurishi lozim. Shunda hammasi yaxshi bo’ladi".
Ungacha esa, deydi Daffi, kollejda qolgan sanoqli kunlarimni mazmunli o’tkazishga harakat qilaman.