AQSh va yana bir necha mamlakatda irqiy kamsitish va tengsizlik hamda politsiya zo’ravonligiga qarshi namoyishlar davom etarkan, G’arb jamiyatlarida tarixni qayta ko’rib chiqishga, tarix darsliklariga tuzatish kiritishga hamda quldor arboblarning nomini tarixdan o’chirishga da’vatlar yangramoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
AQSh
Xususan, AQShning Virjiniya shtati poytaxti Richmondda Amerika Fuqarolar urushi paytida quldorlikni saqlab qolishga harakat qilgan janub armiyasi qo’mondonlari sharafiga qo’yilgan haykallar olib tashlanmoqda.
Ulardan biri 1907-yilda qad ko’targan Jefferson Deyvis haykali bo’ldi. AQShning bir necha shtati Fuqarolar urushidan oldin ittifoqdan chiqib, Amerika Konfederatsiya Shtatlariga asos solgan. Virjiniya konfederatsiyaga a’zo bo’lgan. Deyvis to’rt yil umr ko’rgan davlatga prezidentlik qilgan.
Quldor janub arboblarini xotirlash maqsadida Richmond shahrida Memorial ko’chasi tashkil etilgan bo’lib, unda Fuqarolar urushi paytida konfederatsiya tarafida jang qilgan virjiniyalik arboblar sharafiga haykal va yodgorliklar o’rnatilgan.
Virjiniyaning demokrat gubernatori Memorial ko’chasida 1890-yildan beri qad ko’tarib turgan Robert Linining ulkan haykalini oldirib tashlamoqchi. General Li Fuqarolar urushi paytida konfederatsiya armiyasiga qo’mondonlik qilgan.
Shu hafta Richmondga yaqin Portsmut shahrida qullikni himoya qilgan yana to’rt arbobning haykali boshidan judo qilindi va yerga yotqizildi.
Seshanba kuni Richmond shahrida Amerikani kashf qilgan Xristofor Kolumb haykali ham buzib tashlanib, ko’lga uloqtirilgan.
O’tgan shanba kuni namoyishchilar Richmondda konfederatsiya armiyasi generali Uilyams Karter Vikem haykaliga ham hujum qilib qulatgan.
Respublikachi qonunchilar, konfederatsiya merosi bilan shug’ullanuvchi guruhlar haykallarning olib tashlanayotganini tanqid qilmoqda. Ba’zilar bu sayyohlar oqimini tushirib yuboradi desa, boshqalar buni tarixni yo’q qilishga qaratilgan harakat deya ta’riflamoqda.
Kolumbning Minnesota shtati Sent-Pol shahridagi haykali ham namoyishlar qurboni bo’ldi. Bu ishga Amerika hindulari harakati qo’l urgani aytiladi.
Bronzadan yasalgan yodgorlik shtatga italiyalik amerikaliklardan sovg’a bo’lib, 1931-yildan beri shtat kengashi binosi qarshisida turgan edi.
AQShda ba’zilar konfederatsiya arboblari nomini yurituvchi harbiy bazalarga yangi nom berishni taklif etarkan, Prezident Tramp bunday da’vatlarni tanqid qilib, armiyaga qarashli 10 ta shunday bazaning birortasi hozirgi nomidan ayrilmasligini aytdi.
Trampga ko’ra, bu ushbu bazalarda xizmat qilgan va harbiy tayyorgarlikdan o’tgan askarlar va qahramonlarga nisbatan hurmatsizlik bo’ladi.
Tashabbus tarafdorlariga ko’ra, konfederatsiya arboblari sharafiga qo’yilgan haykallar Fuqarolar urushining irqchilik va bo’lginchilik ruhini aks ettirib, AQShga qarshi bosh ko’targan odamlarni ulug’laydi.
Angliya
O’tmishda irqchilik va quldorlikni targ’ib qilgan arboblar haykallari nafaqat AQShda, balki Yevropada ham namoyishchilar nishoniga aylanmoqda.
Britaniyaning Bristol shahrida 17-asr quldori Edvard Kolstonning bronza haykali qo’porilib, suvga tashlangan. Mahalliy rasmiylar namoyishchilar diqqatini tortmaslik uchun haykalni erta tongda suvdan chiqargan va uni muzeyga jo’natmoqchi.
Kolston Afrikadan Amerikaga qul tashib boylik orttirgan, pulining aksariyat qismini xayriya uchun vasiyat qilgan. Bristol ko’chalari va binolariga uning nomi berilgan. Bristol o’tmishda qullarni tashigan kemalar to’xtovi uchun port vazifasini bajargan.
Angliyaning Pul shahrida skautlar harakatining asoschisi Robert Baden-Pauel haykalini vaqtincha turgan joyidan olib tashlash tavsiya qilingan.
Baden-Pauel o’z zamonasining ko’plab vatandoshlari kabi irqchi bo’lgan va hatto Adolf Gitlerga havas qilgani aytiladi.
Belgiya
Belgiyada 19-asrda 40 yil hukmronlik qilgan qirol Leopold Ikkinchining haykallari ham olib tashlanmoqda. 150 yil davomida Antverpen markazida qad ko’tarib turgan haykalga o’tgan hafta o’t qo’yilgan edi, bu hafta shahar ma’murlari uni olib tashlashga qaror qildi.
Qirolning poytaxt Bryussel markazida 1926-yildan beri turgan haykali qiyofasi qizil bo’yoqlar bilan buzilgan.
Belgiya o’z vaqtida mustamlakachi mamlakat bo’lib, Leopold Ikkinchi Kongoni shaxsiy mulkidek boshqargan, 10 millionga yaqin odamning o’limiga sabab bo’lgan.
Bryussel va Belgiyaning boshqa shaharlaridagi qirol haykallarini olib tashlashga chaqiruvchi onlayn murojaatga 73 mingdan ziyod odam imzo chekkan.
“Haykal o’rnatilganda shu odamning hayoti, ishlari ulug’lanadi. Germaniyada Gitlerga haykal qo’yilishini tasavvur qilolmayman. Leopold qatliom boshida turgan”, - deydi Kongoning “Bamko-Kran” tashkiloti prezidenti Mirey-Cheusi Rober.
Belgiya ta’lim mutasaddilari mamlakatning mustamlakachilik siyosatini oydinroq tushuntirish maqsadida tarix darsliklari qayta ko’rib chiqilishini bildirdi.
Kongo Belgiya mustamlakasidan 1960-yilda ozod bo’lgan. Bugun Belgiyada 230 ming kongolik yashaydi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti da’vatlaridan so’ng o’tgan yil aprelida Belgiya hukumati Kongo, Ruanda va Burundi ustidan 80 yillik mustamlaka paytidagi odam o’g’irlashlar, odam ajratish va kamsitish, deportatsiyalar uchun ilk bor rasman uzr so’ragan. BMT Bryusselni yetkazilgan zararni qoplash uchun kompensatsiya to’lashga ham chaqirgan.